Isroil G‘azoga hujumni qayta boshladi. 200 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
18 mart
4244G‘azo sektorida Isroil zarbalari oqibatida 200 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, zarba mintaqa shimoliga, shuningdek, G‘azo shahri, Deyr-al-Balah, Xon-Yunus va Rafahga berilgan. Mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi manbalariga ko‘ra, ushbu harakatlar oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 100 kishini tashkil etadi va ularning aksariyati bolalar.
Isroil Bosh vaziri devoni bayonotiga ko‘ra, Isroil endi HAMASga qarshi tobora kuchayib boradigan harbiy operatsiyalarni amalga oshiradi.
“Isroil armiyasi operatsion rejani o‘tgan dam olish kunlari taqdim etdi va u siyosiy rahbariyat tomonidan ma’qullandi”, deyiladi bayonotda.
G‘azodagi hukumatga ko‘ra, Isroil hujumlari qayta boshlanganidan beri halok bo‘lganlar soni 200 kishidan oshgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh 1 mart kuni rasman yakunlangan. Biroq vositachilar urushayotgan tomonlarni muzokaralar orqali kelishuvga undashga harakat qilgani sababli jangovar harakatlar shu vaqtgacha qayta boshlanmagandi.
“Reuters”ning yozishicha, bu galgi Isroil zarbalari oldingilariga nisbatan ancha yirik bo‘lgan. Shu tariqda Isroil taxminan ikki oy davom etgan sulh ortidan HAMAS nishonlariga keng miqyosda zarba bera boshlagan. Isroil Bosh vaziri ofisi buni HAMASning AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff va boshqa vositachilardan olingan barcha takliflarni rad etgani bilan izohlagan.
“Al Jazeera” Isroil harbiy rasmiylariga tayanib, hujumlar zarur muddatgacha davom etishi haqida xabar bergan. Manbalarga ko‘ra, harbiy harakatlar faqat havo hujumlari bilan cheklanmaydi va Isroil quruqlikdagi qo‘shinlarini yana G‘azo sektoriga kiritishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh 19 yanvar kuni kuchga kirgan edi. Ushbu ko‘p bosqichli kelishuvning birinchi bosqichi G‘azoga yirik miqdorda gumanitar yordam yetkazish, Isroil qo‘shinlarini zich aholi punktlaridan olib chiqish va asirlarni mahbuslarga almashtirishni ko‘zda tutgan. Birinchi bosqich muddati mart oyida yakunlandi. Shundan so‘ng, Isroil uni uzaytirishni talab qildi, ammo HAMAS bu talabdan yuz o‘girdi va oldingi shartlarni bajarish lozimligini ta’kidladi. Guruh bayonotida Isroil armiyasi G‘azodan to‘liq chiqib ketmaguncha asirlar almashinuvi qayta tiklanmasligi ta’kidlangan. Misr ham Isroil va HAMAS harakatiga G‘azo sektorida 60 kunlik sulh, garovga olingan qolgan isroilliklarni ozod qilish va urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni o‘z ichiga olgan yangi kelishuv takliflarini taqdim etdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

