Isroil falastinliklarning Ramazon oyidagi so‘ngi juma namozi uchun Al-Aqsoga kirishini chekladi

Olam

image

Isroil xavfsizlik kuchlari falastinliklarning muborak Ramazon oyining oxirgi juma namozi uchun bosib olingan Sharqiy Quddusga kirishini chekladi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Aytilishicha, Isroil xavfsizlik kuchlari Quddus va G‘arbiy Sohil o‘rtasidagi nazorat punktiga qo‘shimcha kuchlar yuborgan. “Kalendiya” va “300” nazorat punktlari oldida uzun navbatlar hosil bo‘lgan. Shu bilan birga, pasport nazoratidan so‘ng barcha falastinliklarga Islom ziyoratgohi – Al-Aqso masjidiga borishga ruxsat berilmagan.

Juma namoziga kirishga ruxsat berilmaganlardan biri falastinlik 59 yoshli Eyad Uvaynat Isroil kuchlari uning Al-Aqso masjidida namozga qatnashishiga to‘rtinchi marta to‘sqinlik qilganini aytgan.

Falastinliklarning bir qismi Quddusga Ajratish to‘sig‘i (Isroilni Iordan daryosining g‘arbiy sohilidan ajratib turuvchi 703 kilometr uzunlikdagi Isroil chegara inshooti) orqali borishga harakat qilgan, ammo urinishlari besamar ketgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 20 mart kuni Isroil hukumati Ramazon oyida Al-Aqso masjidida namoz o‘qishni xohlovchi musulmonlar uchun yosh chegarasini joriy qilgan. Falastinliklar bosib olingan G‘arbiy Sohilni tark etish uchun Ajratish to‘sig‘i bo‘ylab joylashgan 23 nazorat punktidan faqat bittasidan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq yahudiylarning aqidaparast guruhlari islomning eng muqaddas maskani bo‘lmish Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidida Pasxa qurbonliklarini uyushtirishga chaqirgan edi. Bunga javoban bir guruh falastinliklar masjid hududida tunab qolishgandi. Isroil politsiyasi dindorlarga qarshi kuch ishlatib, masjid hududida reyd uyushtirgandi. 200 dan ortiq odam hibsga olingandi. Tel-Avivning harakatlariga javoban G‘azo sektoridan Isroil janubiga raketalar uchirildi. Bunga javob Isroil havo kuchlari blokadadagi Falastin anklavidagi ikkita nishonga zarba berdi. Bunday vaziyat butun dunyoda xavotir uyg‘otgan, BMT, Yevropa ittifoqi, Turkiya, AQSH, Kanada, Xitoy, Germaniya, Qozog‘iston va boshqa xalqaro tashkilot va davlatlar tomonlarni vazminlikka chaqirgan edi. Keyinchalik Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Ramazon oyi tugagunga qadar yahudiy ziyoratchilari va sayyohlariga Quddusdagi Al-Aqso masjidi joylashgan Ma’bad tog‘i majmuasiga borishni taqiqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Al-Aqso Quddus Falastin Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing