Isroil falastinlik mahbuslarni ozod qilishni kechiktirdi
Olam
−
30 yanvar 4009 2 daqiqa
Bugun, 30 yanvar kuni Isroil hukumati garovga olingan falastinlik mahbuslarni ozod qilishni qisqa muddatga kechiktirdi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Isroil Kats tomonidan maxsus qaror qabul qilingan.
Dastlab, qarorda isroillik garovga olinganlar xavfsiz chiqib ketishi kafolatlanmaguncha, falastinlik mahbuslar ozod qilinmasligi belgilangandi.
“Ayirboshlashni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror garovdagilarimizning keyingi bosqichlarda xavfsiz chiqib ketishi kafolatlanmaguncha o‘z kuchida qoladi”, deyiladi ushbu qarorda.
"Ynet" nashriga ko‘ra, ushbu qaror qabul qilingandan so‘ng, Quddus yaqinida joylashgan Ofer qamoqxonasidan mahbuslarni olib ketayotgan avtobuslar to‘xtab qolgan. Ular bir muddat o‘sha yerda turishgan va keyin ortga qaytib ketgan.
Ammo biroz vaqt o‘tgach, HAMAS harakati garovga olingan uch nafar isroillik va besh nafar Tailand fuqarosini G‘azodagi Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirdi. Shundan so‘ng, Isroilning bir qator OAVlari Isroil qamoqxonalaridan ozod etilishi kerak bo‘lgan falastinlik mahbuslar bugun, 30 yanvar kuni soat 18:00 da ozod qilinishi haqida ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Isroil, Falastinning HAMAS harakati, AQSH va Qatar vakillari 16 yanvar kuni kechqurun Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzolagandi. 19 yanvar kuni kechqurun HAMAS birinchi asirlar guruhini ozod qildi. Ular uch nafar shaxsdan iborat bo‘lgan. Isroil esa 90 falastinlik mahbusni ozod qilgan. 25 yanvar kuni sulh kelishuvining birinchi bosqichi doirasida asir almashishning ikkinchi raundida G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayol evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 200 nafar falastinlik ozod qilindi.
Live
Barchasi