HAMAS yana sakkiz nafar garovga olinganlarni ozod qildi
Olam
−
30 yanvar 3195 3 daqiqa
Falastinning HAMAS harakati garovga olingan uch nafar isroillik va besh nafar Tailand fuqarosini G‘azodagi Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirdi. Bu haqda “Politico” xabar berdi.
Ular bugun, 30 yanvar kuni guruh va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga asosan ozod qilinishi kerak edi. Isroil tomoniga ko‘ra, ular allaqachon Isroil hududida.
Asirda bo‘lganlarni ozod qilish jarayoni tartibsiz o‘tgan. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Xon Yunusdagi sahnalardan hayratlangan.
Isroil Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sharen Xaskel ijtimoiy tarmoqlarda ozod qilingan Arbel Yahudni niqobli odamlar gavjum olomon orasidan olib ketayotgani aks etgan kadrlarni joylashtirib, ularni hayvonlarga qiyoslagan va HAMASning G‘azodagi kuchi abadiy yo‘q qilinishi kerakligini aytgan.

Askar Agam Berger Jabaliya qochqinlar lagerida HAMAS askarlari bilan qisqa marosimdan so‘ng Xalqaro Qizil Xoch avtomobiliga chiqarildi. U asirlikda 482 kun o‘tkazdi.
Biroz vaqt o‘tgach, 29 yoshli Arbel Yahud va 80 yoshli Gadi Muso ozod qilindi.

“Xalqaro Qizil Xochdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yetti nafar garovga olingan, jumladan ikki nafar isroillik va besh nafar chet el fuqarosi ularga topshirilgan va ular Isroil Mudofaa vazirligi va G‘azo sektoridagi xavfsizlik kuchlariga yuborilmoqda”, degan Isroil harbiylari.
Buning evaziga Isroil qamoqxonalaridan 110 nafar falastinlik mahbus, jumladan, 30 nafar voyaga yetmaganlar ozod qilinadi. Falastin asirlari jamiyatiga ko‘ra, ularning aksariyati ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohildagi Ramallohning Radan hududiga borishi kutilmoqda.

Arbel Yahud Nir-Oz shahrida yashovchi 29 yoshli ayol. Uning sherigi va ukasi hamon asirlikda, Arbelning akasi esa iyun oyida o‘lik holda topilgan. U 25 yanvar kuni ozod etilishi kerak edi, ammo ozod qilinmadi va Isroil HAMASni sulh bitimini buzganlikda aybladi.
Agam Berger Isroil mudofaa kuchlarining ayollar bo‘linmasidan bo‘lgan 20 yoshli askar, to‘rt kishi bilan birga qo‘lga olingan. Ular 25 yanvar kuni qo‘yib yuborilgan.

80 yoshli Gadi Muso Nir-Oz shahridan o‘g‘irlab ketilgan va u yerda qishloq xo‘jaligi mutaxassisi bo‘lib ishlagan. Uning sherigi Efrat Kats 2023 yilning 7 oktyabr kungi hujumda halok bo‘lgan edi.
Isroil va HAMAS o‘rtasida tuzilgan alohida kelishuvga ko‘ra, bugun, 30 yanvar kuni besh nafar tailandlik garovga olinganlar ham erkinlikka chiqdi. Isroil ham, HAMAS ham ularning nomini aytmagan. Tailandning da’vo qilishicha, uning olti nafar fuqarosi G‘azoda saqlanmoqda:
Bannavat Sitxo: Tailand shimolidagi Nan provinsiyasidan, u garovga olinganida 27 yoshda edi. Uning ikki farzandi bor, eng kichigi esa qo‘lga olinganda atigi bir oylik edi.

Nattapong Pinta – u haqida ma’lumotlar mavjud emas.
Satyan Suvannakxam Tailand shimoli-sharqidan. U Isroil janubidagi Nir-Oz shahrida o‘g‘irlab ketilgan.
Surasak Lamna Tailandning Udon Tani provinsiyasidan. Uning onasi hujumdan keyin uni topishga harakat qilgan va qo‘lga olinganini faqat ozod qilingan garovga aytganida bilgan.
Pongsak Tanna 2023 yilda 35 yoshda bo‘lgan, qo‘lga olinishidan oldin deyarli yetti yil Isroilda ishlagan. Pongsakning akasi Isroil shimolida ishlagan va hech qanday jarohat olmagan.
Tailandning shimoli-sharqida yashovchi Vatchara Сриuаннинг sakkiz yoshli Nudi ismli qizi bor. 2024 yilning fevral oyida BBC Nudining otasini tezda ozod etishini so‘rab duo qilgani tasvirlangan videoni e’lon qilgandi.
Tailand Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning 7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumi chog‘ida 31 nafar Tailand fuqarosi o‘g‘irlab ketilgan, ularning aksariyati yil oxirigacha ozod etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Falastinning HAMAS harakati G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayolni Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillariga topshirgandi. Ularni Isroil armiyasi (IDF) askarlari qabul qilib olgan. Umumiy hisobda ular asirlikda 477 kun o‘tkazgan. Isroil Bosh vaziri devoniga ko‘ra, HAMAS 19 yoshli Liri Albag, Karina Arayev, Daniela Gilboa va Naama Levini (uchalasi ham 20 yoshda) ozod qilgan. Qizlar Isroil razvedka askarlari bo‘lgan.