Isroil Eron bilan urushga 15 yil tayyorlangan – OAV
Olam
−
28 iyun 8427 2 daqiqa
Isroil 2010 yildan buyon Eronning yadroviy dasturini diqqat bilan kuzatib kelgan va bunga qarshi harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rgan. Bu haqda Isroil razvedkasi hujjatlariga tayanib, Britaniyaning “The Times” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2010 yilda Eronning yadroviy qurol ishlab chiqish ishlari tezlashgani aniqlangan va aynan o‘sha yili birinchi eronlik yadrochi olim yo‘q qilingan. Keyinchalik boshqa mutaxassislar ham nishonga olingan.
Isroil razvedkasi “Mossad” agentlari orqali Eronning yadro va harbiy ob’ektlariga kirib borishga muvaffaq bo‘lgan, shu jumladan Eronning “Islomiy inqilob muhofizlari korpusi” ichiga ham kirgan. Bu esa zaruriy razvedka ma’lumotlarini yig‘ishga va aniq hujum rejalari tuzishga imkon bergan. Ular Eronning yadroviy dasturi faqat Fordo, Natanz va Isfahon bilan cheklanmasligini aniqlagan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Fordodagi yadro inshootlarining yerosti qismlarini bunkerni yoruvchi bombalar yordamida yo‘q qilgan. Shuningdek, AQSH Natanz va Isfahondagi ob’ektlarga ham zarba bergan. Isroil esa boshqa joylardagi laboratoriyalar, hisoblash markazlari, ishlab chiqarish maydonlari, angarlar va boshqa muhim inshootlarga zarbalar yo‘llagan.
Bundan tashqari, Isroil Eronda uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishga oid ob’ektlarni ham nishonga olgan. “Mossad” agentlari bu ob’ektlarga ham kirib borishga muvaffaq bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron har oy o‘nlab raketalar ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan va bu orqali yiliga 1000 ta raketa ishlab chiqarishni, jami 8000 donadan iborat zaxira yaratishni rejalashtirgan.
Urush 13 iyundan 24 iyungacha davom etdi. Avvaliga Isroil Eron hududiga zarba berdi, bunga javoban Eron ham Isroilni nishonga oldi. 22 iyunga o‘tar kechasi AQSH mojaroga aralashdi va Erondagi yadro ob’ektlarini qulatdi. Keyingi kuni Eron Qatardagi AQSH harbiy bazasiga zarba berdi.
Ushbu urushdan oldin AQSH va Eron yangi yadroviy bitim yuzasidan muzokaralar olib borayotgan edi. Isroil esa Tehronning yadroviy qurolga yaqinlashgani bois operatsiyani boshlaganini bildirgan. Vashington ham shunday fikrni bayon qilgan. Eron esa yadro qurolini yaratmoqchi emasligini, biroq tinch atom dasturiga haqli ekanini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 28 iyun kuni Isroil tomonidan 13 iyun kuni uyushtirilgan hujumlarda halok bo‘lgan 60 nafar eronlik, jumladan, yuqori martabali harbiylar, yadroviy olimlar va tinch aholi uchun Tehronda vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tgandi. Marosimda olomon qo‘llarida qora bayroq va bannerlar ko‘tarib, vaqti-vaqti bilan Amerika va Isroilga qarshi shiorlar aytgan.
Live
Barchasi