Isroil bu urushda barchasini tugatmoqchi – “Reuters”
Olam
−
19 Oktabr 2023
21431Isroil mudofaa kuchlarining HAMAS harakatining raketa hujumlariga javoban G‘azo sektorida boshlagan “Temir qilichlar” operatsiyasi shiddatli bo‘ladi. Biroq Isroil hukumati urush tugaganidan keyin G‘azo sektori bilan nima qilish kerakligi haqida hali tasavvurga ega emas. Bu haqda mintaqaviy va G‘arb rasmiylariga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.
AQSH va Yaqin Sharq yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralardan xabardor bo‘lgan uchta mintaqaviy rasmiyning aytishicha, Isroil amaliyoti G‘azo sektori infratuzilmasini, jumladan, HAMAS tomonidan yaratilgan yer osti tunnellarini yo‘q qilish, shuningdek, harakat a’zolarining o‘zini nishonga olishdan iborat.
Isroil rasmiylari urushdan keyingi kelajak qanday bo‘lishi haqida aniq tasavvurga ega emasligini aytgan.
“AQSH Prezidenti Jo Baydenning ba’zi yordamchilari Isroil HAMASga uzoq muddatli zarar yetkazish bo‘yicha samarali reja ishlab chiqishi mumkin bo‘lsa-da, hali chiqish strategiyasini ishlab chiqmaganidan xavotirda”, deydi Vashingtondagi masaladan xabardor manba.
Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin o‘tgan haftada Isroilga qilgan safarlarida G‘azo uchun urushdan keyingi rejaga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan.
Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasining Yaqin Sharq bo‘yicha eksperti Eron Devid Millerning aytishicha, Baydenning tashrifi unga Isroil yetakchisi Binyamin Netanyaxuni kuchdan mutanosib foydalanish va G‘azo uchun uzoq muddatli rejalar kabi masalalarni o‘ylab ko‘rishga majburlash imkoniyatini bergan.
Arab rasmiylari esa Isroil 2006 yildan beri HAMAS tomonidan boshqariladigan va 2,3 million aholi istiqomat qiladigan anklavning kelajagi uchun aniq reja tuzmaganidan xavotirda.
"Isroilning G‘azo uchun yakuniy o‘yini yo‘q. Ularning strategiyasi minglab bomba tashlab, hamma narsani yo‘q qilish va ichkariga kirish, lekin keyin nima qilish kerak? Ularning keyingi kun uchun chiqish strategiyasi yo‘q", deydi mintaqaviy xavfsizlik manbalaridan biri.
Isroil prezidenti Isxak Gersog esa 12 oktyabr kuni Isroilning barcha operatsiyalari xalqaro qonunlarga muvofiq rejalashtirilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning harbiy jinoyatlarda ishtirok etishi haqidagi ayblovlar “kontekstdan butunlay chiqarib tashlangan”.
LiveBarchasi