Isroil armiyasi jangovar tayyorgarlikni kuchaytirdi
Olam
−
21 fevral 2444 1 daqiqa
AQSHning Eronga zarba berishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan Isroil armiyasini (SAXAL) yuqori jangovar tayyorgarlik holatiga keltirdi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Isroil armiyasi vakili Efi Defrin o‘z bayonotida harbiylar mintaqadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsion vaziyatdagi har qanday o‘zgarishga tezkor javob berishga tayyorgarlik ko‘rilgan. Defrin, shuningdek, fuqarolarni faqat rasmiy manbalarga ishonishga chaqirgan.
Isroil OAVlari avvalroq AQSH Eronga “tez orada” zarba berishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan edi. Shu fonda Ichki front qo‘mondonligiga yuqori tayyorgarlik holatiga o‘tish buyurilgani aytilmoqda.
Isroilning “12-kanal”i ma’lumotiga ko‘ra, agar AQSH Eronga hujum qilsa, Isroil ham harbiy harakatlarga qo‘shilishi mumkin.
Bir qator nashrlar tomonidan e’lon qilingan xabarlarda AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga keng ko‘lamli zarba berish-bermaslik masalasida qaror qabul qilish arafasida ekani aytilmoqda. Diplomatik yo‘llar torayib borayotgani, biroq harbiy variantlar hali ham ko‘rib chiqilayotgani ta’kidlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp hafta oxirida Eronga hujum qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi