Isroil AQSHni Livandagi operatsiya haqida ogohlantirgan – CNN

Olam

image

Isroil rasmiylari “Hizbulloh” tashkiloti a’zolariga tegishli peyjerlar va boshqa jihozlarning ketma-ket portlashidan sal oldin Qo‘shma Shtatlarni ogohlantirgan. Bu haqda manbasiga tayanib, CNN xabar berdi.

Nashrning yozishicha, AQSHning bir qator yuqori martabali rahbarlari bo‘lajak operatsiya haqida ogohlantirilgan, jumladan Pentagon rahbari Lloyd Ostinga isroillik mavqedoshi Yoav Galant qo‘ng‘iroq qilgan. Lekin, Isroil operatsiya tafsilotlarini oshkor qilmagan.

“Operatsiya haqida hech qanday ma’lumot berilmaganligi, AQSH rasmiylari yuzlab portlagan peyjerlar haqida xabarlar paydo bo‘lgunga qadar “qorong‘ida” bo‘lganini anglatardi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 17 sentyabr kuni Livanning turli hududlarida “Hizbulloh” a’zolarining peyjerlari portlagan edi. Hodisa oqibatida 2,8 mingga yaqin odam jarohat olgan, 12 kishi halok bo‘lgan, ular orasida 10 yoshli qiz ham bor. Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manba va boshqa suhbatdoshiga tayanib, “Reuters” Isroilning “Mossad” razvedka xizmati peyjer portlashlaridan bir necha oy oldin Livandagi “Hizbulloh” harakati tomonidan buyurtma qilingan Tayvanning Gold Apollo kompaniyasining 5000 peyjeriga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatganini xabar berdi. Gold Apollo kompaniyasi esa “Hizbulloh” tomonidan buyurtma qilingan peyjerlarni ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qligini aytdi. Unga ko‘ra, Budapeshtda ro‘yxatdan o‘tgan BAC Consulting KFT kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, BAC Tayvan brendidan foydalanishi mumkin, lekin mahsulotni mustaqil ravishda ishlab chiqaradi. AQSH Mudofaa vazirligi ham Livanda “Hizbulloh” a’zolari tomonidan foydalaniladigan peyjerlarning ommaviy portlashiga aloqadorligini rad etdi.

Kecha, 18 sentyabr kuni esa Livan sharqidagi Bekaa hududida aloqa vositalari ommaviy tarzda portlab ketdi. Hodisa oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan. 

Ertaga, 20 sentyabr kuni tushdan keyin Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Livandagi voqealarni muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil Livan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing