Isroil 620 dan ortiq falastinlik mahbusni ozod qildi 

Olam

image

Avvalroq, HAMAS to‘rt nafar garovga olinganlarning jasadlarini Isroilga topshirgani ma’lum qilingandi. Bunga javoban Isroil 22 fevral kuni ozod etilishi kerak bo‘lgan 625 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.  

Qayd etilishicha, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 19 yanvardan kuchga kirgan va uning birinchi bosqichi shu hafta tugashi kerak. Biroq urushni tugatishni nazarda tutuvchi navbatdagi bosqichning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. HAMAS ikkinchi bosqich bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyor. Ular garovdagilarni ozod qilishning yagona yo‘li o‘t ochishni to‘xtatishga sodiqlik ekanini aytgan.

HAMAS manbasiga ko‘ra, ozod etilishi kutilayotgan falastinlik mahbuslar orasida G‘azoda qamoqqa olingan 445 nafar erkak, 24 nafar ayol va voyaga yetmaganlar, shuningdek, umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 151 nafar mahbus bor.

Ma’lumot uchun,  joriy yilning 15 yanvar kuni Isroil va HAMAS G‘azoda garovga olinganlarni ozod qilish va anklavda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Uchta bosqichni o‘z ichiga olgan kelishuv 19 yanvar kuni kuchga kirdi. Birinchi bosqichni amalga oshirish 42 kun davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 16 yanvar kuni Isroil, HAMAS, AQSH va Qatar vakillari Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzolagandi. Kelishuv 19 yanvar kuni kechqurun kuchga kirdi va HAMAS uch nafar shaxsdan iborat birinchi asirlar guruhini ozod qildi. Isroil esa 90 falastinlik mahbusni ozod qilgan. 25 yanvar kuni sulh kelishuvining birinchi bosqichi doirasida asir almashishning ikkinchi raundida G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayol evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 200 nafar falastinlik ozod qilindi. 1 fevral kuni HAMAS garovdagi 3 nafar isroillikni, Isroil yesa 83 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. Shuningdek, 8 fevral kuni HAMAS garovga olinganlarni almashish bo‘yicha kelishuvning beshinchi bosqichi doirasida Qizil Xochga uch nafar garovga olingan isroillikni topshirdi. Isroil esa HAMAS 183 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi.Shundan so‘ng 20 fevral kuni HAMAS 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga hujum chog‘ida garovga olingan 4 kishining jasadini Isroilga qaytargandi. Isroil armiyasi HAMAS tomonidan topshirilgan jasadlardan biri garovga olingan Shiri Bibas emas, balki noma’lum shaxsga tegishli ekanini ma’lum qilgan. Va 21 fevral kuni Falastinning HAMAS harakati isroillik garovga olingan Shiri Bibasning jasadini ikkinchi bora Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing