Isroil 42 falastinlikni ozod qilishga tayyorlanmoqda
Olam
−
25 noyabr 2023
4255Isroil qamoqxonalari boshqarmasi HAMAS bilan kelishuv doirasida bugun, 25 noyabr ozod etiladigan 42 nafar falastinlik mahbuslar ro‘yxatini oldi va ularni ozod qilishga hozirlik ko‘rishni boshlab yubordi. Bu haqda “Kan” radiostansiyasi xabar bermoqda.
“France-Presse” agentligi esa bugun, 25 noyabr kuni HAMAS garovga olingan 14 nafar isroillikni ozod qilishini yozgan.
Aytilishicha, ozod etilishi rejalashtirilgan falastinlik mahbuslar mahalliy vaqt bilan soat 13:30 da bosib olingan G‘arbiy Sohildagi “Ofer” qamoqxonasiga olib ketiladi.
Ozod qilinadigan isroillik mahbuslar Isroil hududiga yetib borgach, falastinlik mahbuslar “Ofer” qamoqxonasidan Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, 22 noyabrga o‘tar kechasi bir necha soatlik muhokamalardan so‘ng, Isroil va HAMAS o‘rtasida 4 kunlik sulhga kelishilgandi. Unga ko‘ra, 50 nafar garovdagi shaxs evaziga Isroil qamoqxonalaridagi 150 nafar falastinlik ozodlikka chiqarilishi, 4 kun davomida har ikki tomon ham o‘t ochishni to‘xtatishi belgilangandi. Kecha, 24 noyabr kuni kelishuv kuchga kirgani xabar qilindi. Sulh doirasida HAMAS 13 nafar isroillikni, jumladan to‘rt bolani ozod qildi. Buning evaziga Isroil 39 nafar falastinlikni (24 ayol va 15 o‘smir) qamoqdan ozod qildi. Bundan tashqari, HAMAS kelishuv shartlariga kiritilmagan bo‘lsada 12 nafar Tailand fuqarosini qo‘yib yubordi.