Adolatga erishgan Islom Ismoilov

Tahlil

image

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Islom Ismoilov o‘z shogirdlari bilan Osiyoda tengsiz bo‘ldi. Bu natijaga erishish uchun albatta, tinimsiz mehnat qilingan, har bir futbolchi ustida ishlangan. Ammo Islom Ismoilovni ko‘pchilik muxlis va mutaxassislar bundan bir necha yillar oldin “Turon” klubidagi faoliyati hamda o‘sha mashhur intervyusi orqali eslab qolgan.

Adolat istagan va unga erishgan Ismoilov

Islom Ismoilov O‘zbekiston futbolidagi adolatni qaror toptirishda eng ko‘p mehnat qilgan mutaxassislardan biri. Ayniqsa, o‘zbek futbolida bu uchun ancha ter to‘kdi. Ismoilovning “Turon” klubidagi faoliyati ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Superliga doirasidagi uchrashuvda “Turon” “So‘g‘diyona” mehmoni bo‘ladi va o‘shanda bosh hakamning adolatsiz chiqargan qarorlari mutaxassisning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. U bu voqeadan bir necha yil o‘tib, yana bir marta hakamlarning adolatsizligiga guvoh bo‘ldi. Bu haqda sal keyinroq. O‘yindan keyingi tezkor intervyu vaqtida u ichidagi bor dard-alamini to‘kib sochdi. Hakamlar markazi rahbarlaridan tortib, chempionat, mamlakat futbol mansabdorlaridan ushbu vaziyatga yechim topishni talab qildi. Hakamlarning adolatsiz qarorlaridan to‘ygan Ismoilov hattoki futbol olamini tark etishga qaror qilmoqchi bo‘lgani haqida bir nechta intervyularida aytgan.

“Bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin murabbiylik faoliyatimni yakunlash haqida ham o‘ylaganman. O‘zimda shijoat ko‘rmagan vaqtlarim ham bo‘lgan. Ammo bir qancha klublardan yaxshi takliflar ham bo‘lgan, lekin men unaqa joylarda ishlashni xohlamadim. Murabbiylik faoliyatimda biror marta totalizatorga aralashmaganman, o‘yinlarni sotmaganman. Men uchun eng muhim narsa adolat”, deydi Ismoilov.

Hujumkor futbol 

Islom Ismoilov O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasini qabul qilib olishidan avval ham hujumkor futbol tarafdori ekanligini, “Turon” klubidagi faoliyati aytib turibdi. Yaypan shahri jamoasida ham u hujumkor futbolni targ‘ib etgan. Uning maydondagi shiori eng yaxshi himoya –hujum. Ismoilov intervyularidan birida hujumkor taktika, balki xato bo‘lgani, futbolchilarning darajasi bunga qodirligi haqida gapirgan edi.

“Keragidan ortiq hujumkor futbolni tanlaganim xato bo‘ldimikan, deb o‘ylab qolardim. Jamoamizdagi o‘yinchilarning darajasi uncha yuqori emasdi, ammo Superliga darajasidagi futbolchilar ham bor edi. Lekin hech qachon men shogirdlarimga umuman hujumga o‘tmaymiz, 90 daqiqa himoyalanamiz deb vazifa bermaganman”, deydi Ismoilov.

Klublar miqyosidagi faoliyatidan keyin Islom Ismoilov O‘zbekistonning bir qancha yosh toifasidagi terma jamoalarida faoliyat yurita boshladi. Aynan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat ushbu jamoani u 3 yil oldin qabul qilib oldi va Osiyo kubogi uchun tayyorlab bordi. O‘zi ma’qul ko‘rgan hujumkor futbolni ushbu jamoaga ham singdira oldi. Oradan vaqt o‘tib, u hujumkor futbol bilan Osiyoni mahv etdi. Osiyo kubogida o‘z shogirdlari bilan mana shunday yuqori hujumkor futbol namoyish etgan holda turnir davomida birorta mag‘lubiyatga uchramay g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Musobaqa davomida Tailand, Xitoy, Saudiya Arabistoni, BAA, Shimoliy Koreya va finalda yana bir marta Saudiya Arabistonini mag‘lub etdi. Hujumkor futbol ko‘rsatish kerak deb, himoyani esdan chiqarmagan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi turnir davomida 6 ta o‘yinda bor yo‘g‘i 3 dona gol o‘tkazib yubordi.

Bu esa Ismoilovning himoyani esdan chiqarmagan hujumkor taktikasi naqadar mukammal ishlanganidan dalolat beradi. Ayniqsa, finalda Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda birinchi taymda ikki kishi kam bo‘lib qolgani va shundan keyin ham jamoa himoyaga yotib olmay, aksincha, hujumkor futbol namoyish etdi. Hakamlarning adolatsizligi Islom Ismoilov va uning shogirdlarining g‘alabaga bo‘lgan shashtidan qaytara olmadi. Dastlab, penaltidan hisobni ochgan o‘zbekistonlik o‘smirlar, o‘yin yakuniga qadar yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Ajablanarlisi, hisobda oldinga chiqib olganidan keyin ham O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi hujumlar sonini kamaytirmadi. Bu esa Islom Ismoilovning hujumkor futbol taktikasi mevasi bo‘ldi. O‘zbekiston professional ligasi rahbari Diyor Imomxo‘jayev bir vaqtlar aytganidek, o‘zbekistonlik o‘smirlar raqiblarini hakami bilan qo‘shib mag‘lub etdi.

Islom Ismoilov uchun bu faoliyatidagi ilk katta yutuq va muxlislar joriy yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundialda ham ijobiy natija qayd etishiga umid qilmoqda. Chunki bu tarkib, bu murabbiy, bu o‘yin bilan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi plankani yuqoriga ko‘tarib yubordi.


Maqola muallifi

Teglar

Osiyo kubogi Islom Ismoilov O'zbekiston osmirlar terma jamoasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing