Ish staji kam bo‘lgan pensionerlar nega ko‘paymoqda?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan holda pensiyaga chiqayotgan fuqarolar ulushi keskin oshgan. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, aholi o‘rtasida norasmiy mehnatning keng tarqalishi va ijtimoiy soliqning to‘lanmasligi fuqarolarning kelgusidagi pensiya miqdoriga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, to‘liq pensiya tayinlanishi uchun erkaklarga 25 yil, ayollarga esa 20 yil ish staji talab etiladi. Agar fuqaroning ish staji belgilangan minimal talabga yetmasa, unga mavjud stajiga mutanosib ravishda to‘liq bo‘lmagan ish staji bilan pensiya tayinlanadi.

Pensiya jamg‘armasi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2010 yilda yangi tayinlangan pensiyalar orasida to‘liq ish stajiga ega bo‘lmaganlar ulushi 6 foizni tashkil etgan. 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 61 foizga yetgan. Ya’ni, bugun har uch nafar yangi pensionerning ikki nafari to‘liq ish stajisiz pensiyaga chiqmoqda.

Umumiy pensionerlar tarkibida ham to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar ulushi oshgan. Xususan, 2010 yilda bunday pensionerlar ulushi 3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 39 foizga yetgan.

Shuningdek, pensionerlarning 47 foizi 820 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha miqdorda pensiya olishi ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, ish stajining kamayishiga asosiy sabablar quyidagilar:

  • norasmiy ishlash;
  • ish haqini “konvertda” olish;
  • ijtimoiy soliq to‘lamaslik;
  • mehnat faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlarni arxivga topshirmaslik;
  • ayrim davrlarda fuqarolarning rasmiy ish bilan qamrab olinmagani.

Pensiya miqdori rasmiy ish staji, ish haqi va to‘langan ijtimoiy soliq miqdoriga bog‘liq. Shu bois norasmiy bandlik nafaqat bugungi daromadga, balki fuqaroning kelgusida oladigan pensiyasiga ham ta’sir qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘izistonga ko‘chgan taqdirda ham pensiya olishda davom etishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing