Iroq Isroil zarbalaridan qochgan livanliklarga bepul viza beryapti

Olam

image

Iroq Bosh vaziri va Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Muhammad as-Sudaniy Livanda yuzaga kelgan og‘ir vaziyat munosabati bilan mamlakatga kelgan livanliklarga bepul kirish vizalarini berishni buyurdi. Bu haqda INA xabar berdi.

“Livanda davom etayotgan urush sharoiti tufayli Iroqda qoladigan Livan fuqarolari uchun o‘ttiz kunlik viza muddati uzaytirilsin. Mamalakatda qolish muddati bilan bog‘liq qonunni buzayotgan Livan fuqarolari jazodan ozod qilinsin. Vizalar muddati tugaganidan keyin Iroq bilan chegara punktlariga kelgan Livan fuqarolariga bepul kirish vizalari berish davom ettirilsin”, deyiladi Bosh vazir buyrug‘ida.

24 sentyabr kuni tushdan keyin Isroil Bayrutga navbatdagi havo hujumini amalga oshirdi. AP ma’lumotlariga ko‘ra, deyarli 560 kishi halok bo‘lgan. Ushbu qurbonlarning qanchasi “Hizbulloh”ga aloqador ekani noma’lum.

“The Times of Israel” internet-nashrining harbiy doiralardagi manbalariga tayanib yozishicha, SAXALning Bayrutga bergan zarbasi nishoni “Hizbulloh” raketa bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan. Uning taqdiri hozircha noma’lum.

Avvalroq Isroil harbiylari Livan hududidan Isroilning shimoliy hududlari tomon 55 dan ortiq raketa uchirilgani haqida xabar bergan edi.

AP xabariga ko‘ra, Isroil tanklari va artilleriyasi Livan chegarasi yaqinidagi nishonlarni ham o‘qqa tutdi. Isroil havo hujumlaridan jabrlangan janubiy Livanning maydoni 1700 kvadrat kilometrni tashkil etdi.

Isroil hukumati mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etdi, bu kamida 30 sentyabrgacha davom etadi. O‘z navbatida, “Hizbulloh” 24 sentyabrga o‘tar kechasi va o‘sha kuni ertalab Isroildagi sakkizta nishonga, jumladan, Livan bilan chegaradan 60 km uzoqlikda joylashgan Zixron Yaakov shahridagi portlovchi moddalar zavodiga raketalar bilan hujum qilganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Livanda davom etayotgan Isroil havo hujumlari fonida minglab odamlar Livanni tark etib, Suriya tomon ketayotgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Iroq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing