Insonlar o‘ladi, ular soqqa qiladi: tamaki ishlab chiqaruvchilari yiliga qancha topadi?

Tahlil

image

Dunyo bo‘ylab har yili 9 millionga yaqin odam tamaki iste’moli oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. 1,2 million kishi esa o‘zi chekmasa-da, atrofdagi chekuvchilar tarqatayotgan tutun kasriga qoladi. Tamaki vositalari yer yuzida eng keng tarqalgan muammolardan biri bo‘lib, tobora o‘z ko‘lamini oshirib, o‘ljalarini esa yoshartirib bormoqda. U shunchalik keng sanoatga aylanganki, bu biznesdan manfaatdor kuchlar turli xiyla-nayranglardan ustomonlik bilan shug‘ullanmoqda.

Odamlar voz kechish yoki o‘lishgacha pul tikadi: tamaki sanoati yiliga qancha daromad qiladi?

Xalqaro marketing tahlilchilari ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha umr ko‘rgan bir chekuvchi shaxs umri mobaynida dunyoning eng yirik tamaki kompaniyalariga 9 mingdan 15 ming AQSH dollarigacha daromad keltiradi. Shuningdek, tamaki sanoati ko‘proq Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqdagi zaif aholiga diqqat qaratayotgani qayd etilmoqda.

Chunki bu mamlakatlarda yoshlar soni katta va bu uzoq muddatli sodiq mijozlarni kafolatlaydi. Rivojlangan mamlakatlarda odamlar ongli ravishda sog‘liq uchun zararli harakatlardan cheklanmoqda. Qolaversa, ko‘pgina davlatlarda tamaki xaridi va chekish bilan juda qat’iy cheklovlar o‘rnatilgan.

Sanoat tahlilchisi IBIS World hisobotiga ko‘ra, 2025 yilga kelib, dunyo bo‘ylab tamaki sanoati daromad (sotuvdan tushgan pul)i 599,2 milliard dollariga yetdi. Ko‘pgina mamlakatlarda olib borilgan tamakiga qarshi siyosat natijasida ishlab chiqarish hajmi nisbatan kamaygan bo‘lsa-da, kompaniyalar narxni ko‘tarish evaziga daromadni barqarorlashtirishga erishmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, joriy yilda tamaki sanoatida 0,9 foiz o‘sish kuzatiladi. Ammo qarshi harakatlar va ogohlik hisobiga kelgusi 5 yilda tamaki bozorining sezilarli qisqarishi kutilmoqda. Masalan, so‘nggi 20 yilda dunyoda chekuvchilar soni 300 million nafarga kamaygan.

So‘nggi besh yil davomida ishlab chiqaruvchilar bir qancha muammolarga duch keldi. Jamoatchilikda chekishning sog‘liqqa salbiy ta’siri haqida xabardorlikning oshishi, qonunlarni qat’iylashtirish choralari va soliqlar ko‘payishi, shular jumlasidan. Ishlab chiqaruvchilar asosan ulgurji savdoni, do‘kon va rastalar esa chakana savdoni amalga oshiradi, ammo ba’zida ishlab chiqaruvchilar vositachilarni chetlab o‘tish orqali daromadni oshirishga harakat qilmoqda.

Ishlab chiqaruvchilar xarajatlarni qisqartirish maqsadida odatda eng muhim xomashyo, ya’ni tamaki yetishtiruvchilarga yaqin joylashadi. Xitoy, Hindiston, Braziliya va Indoneziya dunyodagi eng yirik tamaki yetishtiruvchi davlatlardir.

Shirin ta’m, chiroyli shakl va quti: tamakining marketing hiylalari

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 1 milliarddan ortiq chekuvchi mavjud bo‘lib, ularning aksariyati past va o‘rta daromadli davlatlarda yashaydi.

Hozirda sog‘liqni saqlash va hukumat tizimlari siyosat darajasida tamakiga qarshi kurash olib borayotgani kabi ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham faol targ‘ibot va reklama ishlarini olib boryapti. Yirik brendlar marketing uchun juda katta mablag‘ sarflab, o‘z mijozlarini tobora yoshartirishga harakat qilmoqda.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda dunyo bo‘ylab kamida 13-15 yoshdagi o‘smirlarning 37 millioni tamaki mahsulotlarini u yoki bu shaklda iste’mol qiladi.

31 may – “Xalqaro tamakisiz kun” munosabati bilan JSST butun dunyo hukumatlarini sigaret, tamaki kapsulalari, kalyan va elektron sigaretlar kabi barcha tamaki va nikotin mahsulotlariga shirin ta’mli qo‘shimchalar qo‘shilishini taqiqlashga chaqirdi.

Mentol, saqich yoki shirin ta’m tamaki va nikotin mahsulotlarining achchiq ta’mini yashiradi, bu esa yoshlar uchun ayni muddaoga aylanadi. Bunday shirin ta’mlar nafaqat chekuvchilar sonini oshiradi, balki og‘ir o‘pka kasalliklari xavfini oshiradi.

“Shirin ta’mli tamaki vositalari sa’y-harakatlar natijasidagi o‘n yillik yutuqlarni barbod qilib, giyohvandlikning yangi to‘lqinini keltirib chiqarmoqda”, deydi JSST Bosh direktori doktor Tedros Adanom Gebreisus.

Yangi mijozlar topish va targ‘ibotga berilib ketgan tamaki ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi kompaniyalar bu yo‘lda turli nayranglardan foydalanmoqda, shirin ta’m, e’tiborni tortuvchi dizayn va qiziqarli shakllar, ko‘zni qamashtiruvchi qadoqlar qolaversa, turli sodiqlik mukofotlari taklif qilmoqda.

Hid va ta’m beruvchi qo‘shimchalardan foydalanish. Bunday qo‘shimchalar tamakining o‘tkir ta’mi va hidini yashirib, uni yoqimli qilib ko‘rsatish uchun ishlatiladi.

Maqsadli marketing. Mahsulotning nafis dizayni, e’tiborni tortadigan o‘rovi va raqamli media orqali o‘tkaziladigan tadbirlar zararli mahsulotlarga ijobiy munosabat uyg‘otish maqsadida qo‘llaniladi.

Aldamchi dizayn. Ba’zi mahsulotlar shirinliklar yoki o‘yinchoqlarga o‘xshatib ishlab chiqiladi, bu esa ularga bolalar va o‘smirlarning qiziqishini oshiradi.

Bunday usullar yoshlarni nafaqat tamaki va nikotinni chekishga undaydi, balki chekishni tashlashni ham qiyinlashtiradi va shu tariqa qaramlik yuzaga kelishi hamda salomatlik uchun uzoq muddatli salbiy oqibatlar rivojlanish ehtimolini keskin oshiradi.

Qo‘shnilari ortidan O‘zbekiston ham elektron sigaretalarni taqiqlamoqda

Joriy yil 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi va senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ushbu qonun nafaqat aybdor shaxslarni jazolashga qaratilgani bilan, balki sodir etgan noqonuniy harakatlari to‘g‘risida o‘z ixtiyori bilan hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutishi bilan ham ahamiyatli ekani qayd etildi.

Senatorlar tomonidan qonun aholining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga, millat genofondini saqlashga hamda atrof muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu o‘rinda O‘zbekistonga qo‘shnilari Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bu borada qilingan ishlarni  eslab o‘tish joiz. O‘tgan yili aprel oyida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qonunchilikka elektron sigaretalar olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni taqiqlashni o‘z ichiga olgan o‘zgartirishlarni ma’qullagandi. Qozog‘istonda elektron sigaretalarni olib kirish, ularni sotish va turli tamaki mahsulotlarni reklama qilishni taqiqlovchi qonun iyun oyida kuchga kirdi.

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov esa o‘tgan yil noyabr oyida tamaki mahsulotlari va nikotin moddalarining zararli ta’siridan aholining sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Qonun 2025 yil 1 iyuldan boshlab kuchga kiradi.

Toshkent do‘konlari tamaki sotishda qonunchilikka rioya qilmaydimi?

Salomatlik va strategik rivojlanish institutining ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida o‘rganilgan savdo ob’ektlarining 81 foizida tamaki mahsulotlari qonunga xilof ravishda namoyishkorona sotilmoqda. Poytaxtning tamaki yoki alkogolga ixtisoslashtirilgan, kioska va oziq-ovqat kabi do‘konlarining 120 tasida sotilayotgan tamaki vositalarining 93 foizini sigaretalar, 84 foizini tamakini qizdirish aksessuarlari, 62 foizini esa elektron sigaretalar tashkil qiladi.

Shuningdek, mutachassis Shuhrat Shukurovning aytishicha, bunday mahsulotlar rastalarda e’tiborni tortuvchi yoritkich va bannerlar bilan bezatilgan holatda joylashtirilgani aniqlangan. Ob’ektlarning bir qanchasida tamaki va uni qizdirish vositalari alohida javonlarga maxsus joylashtirilgan bo‘lib, xaridorga shunday yo‘l bilan namoyish qilinayotgani yuzaga chiqqan. Hattoki, 17 foiz holatda tamaki vositalariga chegirmalar va’da qilingani, 5 foiz holatda esa elektron sigaretalar zarari kamroq ekani haqidagi reklamalar uchratilgan.

Xo‘sh, unda qanday sotish kerak, deysizmi? Alkogol va tamaki mahsulotlari dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida maxsus nazorat ostida sotilishi qonun bilan belgilangan. Shuningdek, O‘zbekiston ham bundan mustasno emas va “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida shunday deyiladi:

“Tamaki mahsulotlarining, shuningdek tamaki hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining:
yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslar tomonidan;
donalab yoki ochilgan iste’mol o‘rovi – (qutisi)da sigaretalar va qizdiriladigan tamaki mahsulotiga nisbatan realizatsiya qilinishi taqiqlanadi”.

Ammo o‘rganishlar davomida 4 foiz holatda donalab sotish, 1 foiz holatda aksiz markasiz sotish, 9 foizi holatda esa tamaki mahsulotlarining 21 yoshga kirmagan shaxslar tomonidan sotilishi holatlari kuzatilgan. O‘rganishlarga ko‘ra, 58 foiz holatda “21+” belgisi, 16 foiz holatda esa ogohlantiruvchi peshlavhalar ilingan.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 40-moddasida tamaki vositalarining reklama qilinmasligi, sotuvda bepul tarqatish va chegirma qo‘llash mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, tamaki vositalari belgisi yoki nomi tushirilgan kiyimlar, bolalar o‘yinchoqlari va shirinliklar qolaversa, bolalarga mo‘ljallangan buyumlar shaklidagi tamaki mahsulotlarni sotish va tarqatish taqiqlangan.

Bundan tashqari, savdo ob’ektlarining old tomoni – kirish-chiqish joylarida, rastalari kabi xaridor ko‘zi tushadigan joylarda tamaki tasvirlari hamda ularga tegishli axborotlar joylashtirish mumkin emas.

Aslini olganda, ichish va chekishning inson o‘zi va atrofidagilariga ruhiy, tibbiy va moddiy zarar keltirishi haqida bot-bot ta’kidlangan va mukkasidan ketganlarga millionlagan statistik raqamlar ta’sir qilmasligi ham turgan gap. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, qadog‘ida kasallangan organizm yoki chekuvchidan tug‘ilgan nogiron bola tasviri aks etgan mahsulotlarni kunda sotib oladigan shaxslarga nima ham deyish mumkin?!

Bu shunchaki shaxsiy iroda va ma’naviy butunlikka bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Shunday bo‘lsa-da, dunyo tamakiga qarshi kurashishdan to‘xtamaydi.


Maqola muallifi

Teglar

tamaki JSST chekish “Xalqaro tamakisiz kun” “Reklama to'g'risida”gi qonun

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing