JSST Ebolaga qarshi yangi vaksinalarni sinovdan o‘tkazadi
Olam
−
29 may 468 2 daqiqa
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebola virusining Bundibugio shtammiga qarshi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan bir qator eksperimental dorilar va vaksinalarni klinik sinovlardan o‘tkazishni tavsiya qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, JSST uchta asosiy davolash vositasini ustuvor deb topgan. Ular – Mapp Biopharmaceutical kompaniyasi ishlab chiqqan MBP134 preparati, Regeneron kompaniyasining maftivimab dori vositasi hamda Gilead Sciences kompaniyasi ishlab chiqqan remdesivir antivirus preparatidir.
Tashkilot ushbu dorilar va boshqa nomzod vaksinalarni klinik sinovlar orqali baholash zarurligini bildirgan. JSST va mustaqil ekspertlar ularning samaradorligi bo‘yicha yetarli ma’lumot to‘plash ustida ishlamoqda.
Mazkur tavsiyalar Kongo Demokratik Respublikasida Ebola tarqalishi davom etayotgan va Uganda hududida ham kasallik holatlari qayd etilgan bir paytda ma’lum qilingan. JSST ma’lumotiga ko‘ra, hozircha Ebolaning Bundibugio shtammiga qarshi maxsus tasdiqlangan vaksina yoki davolash usuli mavjud emas.
Regeneron kompaniyasi maftivimab preparati allaqachon Kongo hududiga yetkazilganini va JSST istasa uni zudlik bilan davolashda yoki tadqiqotlarning qo‘shimcha qismi sifatida qo‘llashi mumkinligini bildirgan.
Profilaktika maqsadida esa Gilead kompaniyasining obeldesivir nomli tajriba antivirus preparati ustuvor vosita sifatida ko‘rsatilgan. U Ebola yuqtirgan bemorlar bilan aloqada bo‘lganlarga qo‘llanilishi mumkin. Biroq uning samaradorligi kontaktlarni aniqlash tizimi qay darajada ishlashiga bog‘liq bo‘ladi.
Vaksinalar orasida International AIDS Vaccine Initiative tashkiloti ishlab chiqayotgan bir martalik rVSV Bundibugyo vaksinasi eng istiqbolli nomzod sifatida baholangan. Ammo JSST uning klinik sinovlari yana yetti-toqqiz oy ichida boshlanishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Oksford universiteti hamda Hindistonning Serum Institute kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan CHAdOx1 Bundibugyo vaksinasi ikki-uch oy ichida sinovlarga tayyor bo‘lishi mumkin. Biroq bunga qo‘shimcha tadqiqotlar talab etiladi.
JSST mutaxassislari Merck kompaniyasining Ervebo vaksinasi imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqqan. Ushbu vaksina Ebolaga qarshi litsenziyalangan yagona preparat hisoblanadi, biroq Bundibugio shtammiga qarshi himoya darajasi bo‘yicha dalillar hali yetarli emasligi aytilgan.
JSST hozirda Kongo va Uganda rasmiylari hamda Africa CDC tashkiloti bilan hamkorlikda qat’iy me’yorlar asosida klinik sinovlarni ishlab chiqish va amalga oshirish ustida ishlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kongo Demokratik Respublikasining Mongbvalu shahrida Ebola bezgagi bilan kasallanganlar davolanayotgan shifoxonada jiddiy tartibsizlik yuz bergandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jasadlar yaqinlariga berilmagani sababli norozilik kuchayib, mahalliy aholi tibbiy markazga hujum qilgan. Oqibatda kamida 25 nafar bemor shifoxonadan qochib ketgan.
Live
Barchasi