Ebola kasalligini to‘xtatish mumkin – JSST rahbari
Olam
−
29 may 785 2 daqiqa
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus Kongo Demokratik Respublikasiga tashrif buyurib, mamlakatdagi Ebola virusi tarqalishini “to‘xtatish mumkin”ligini aytdi. Bu haqda u kongoliklarga murojaatida so‘zlagan.
“Bu kasallikni to‘xtatish mumkin. Birgalikda biz bu avj olgan kasallikni yengib o‘tamiz. Yordam berish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishga va’da beraman”, deb yozgan Tedros kongoliklarga murojaatida.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, 15 may kuni e’lon qilingan yangi Ebola tarqalishi boshlanganidan beri Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) 10 ta tasdiqlangan va 223 ta gumon qilingan o‘lim holati qayd etilgan. Virus yuqtirganlar soni esa 1000 nafardan oshgan. Tashkilotga ko‘ra, haqiqiy ko‘lam bundan ancha katta bo‘lishi mumkin, chunki virus ma’lum vaqt aniqlanmasdan tarqalgan bo‘lishi ehtimoli ham yuqori.
Ma’lumot o‘rnida, bu KDR tarixida qayd etilgan 17-Ebola epidemiyasi hisoblanadi. Mamlakatda kasallik ilk bor 1976 yilda aniqlangan. Ebola kasalligining dastlabki belgilariga isitma, kuchsizlik, mushak og‘rig‘i, bosh og‘rig‘i va tomoq og‘rig‘i kiradi. Keyinchalik qusish, ich ketishi, qorin og‘rig‘i, toshma va buyrak hamda jigar faoliyati buzilishi kuzatilishi mumkin. Virus kasallangan insonning qoni yoki boshqa biologik suyuqliklari orqali yuqadi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi epidemiyada o‘lim darajasi 24,6 foizni tashkil etmoqda. Bu Ebola epidemiyalari bo‘yicha umumiy o‘rtacha ko‘rsatkich – 50 foizdan past. Hozirgi epidemiyaga sabab bo‘lgan Bundibugyo shtammi uchun hozircha tasdiqlangan davo yo‘q. Biroq JSST vaksina va davolash usullari bo‘yicha klinik sinovlarni boshlashni tavsiya qilgan. Afrika Ittifoqining sog‘liqni saqlash agentligi rahbari Jan Kaseya esa yil oxirigacha vaksina tayyor bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Qo‘shni Uganda esa bir nafar Ebola qurboni va yana olti holat qayd etilganidan keyin KDR bilan chegarasini yopishini ma’lum qilgan. JSST chegaralarni yopish noqonuniy o‘tishlarni ko‘paytirib, kasallikni nazorat qilishni qiyinlashtirishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanada rasmiylari Ebola virusi tarqalgan hududlardan mamlakatga boruvchi sayyohlar 21 kun davomida o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishi shartligini e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi