Insoniyat o‘ziga qabr qazimoqda – Guterrish

Olam

image

So‘nggi olti yil Yerda rekord darajadagi eng issiq yillar bo‘ldi va hatto issiqxona gazlariga qarshi kurashish bo‘yicha barcha va’dalarni bajarish ham kelgusi o‘n yilliklarda sayyora haroratini yana 2 darajadan ko‘proq oshishiga olib keladi. Bu haqda Birlashgan Millatlar tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 26-konferensiyasida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

“Parij kelishuvlaridan keyingi o‘tgan olti yilda havo harorati rekord darajada yuqori bo‘ldi. Bizning qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramligimiz insoniyatni tubsizlikka itarmoqda. Ikki tanlov orasida turipmiz yoki ularni biz to‘xtatamiz yoki ular bizni. Biz o‘zimizni o‘zimiz uglerod bilan o‘ldiryapmiz. Yerni qazishni, yoqishni to‘xtatish kerak. Bu bilan dunyo o‘ziga qabr qaziyapti”, deydi Guterrish. 

Bosh kotibning ta’kidlashicha, Yer bizning ko‘z o‘ngimizda o‘zgarib bormoqda okean tubidan to tog‘ cho‘qqilarigacha. 

“Dengiz sathi 30 yil oldingiga qaraganda ikki barobar tez ko‘tarilmoqda. Okeanlar suvi har qachongidan ham issiq va tez isishda davom etmoqda. Amazon o‘rmonining bir qismi “yutganidan” ko‘ra, ko‘proq issiqxona gazlarini chiqarmoqda”, deydi BMT bosh kotibi.

Mamlakatlarning issiqxona gazlari chiqindilariga qarshi kurashga qo‘shgan hissasi haqidagi so‘nggi hisobotlariga ko‘ra, dunyoda havo haroratning Selsiy bo‘yicha 2,7 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.  Dunyo iqlim falokati tomon ketmoqda.

Ma’lumot uchun, 31 oktyabrdan 12 noyabrgacha Glazgo shahrida Buyuk Britaniya tomonidan Italiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (COP26) ishtirokchilarining 26-konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda 200 ga yaqin davlat vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Anjumanda issiqxona chiqindilarini kamaytirish va uglerod neytralligiga erishish masalalariga bag‘ishlangan qator hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Jahon yetakchilari ishtirokidagi sammitning asosiy dasturi 1-2 noyabr kunlariga mo‘ljallangan.

Avvalroq, Antoniu Guterrish Rimda o‘tkazilgan G20 sammiti uning umidlarini oqlamaganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT

Baholaganlar

158

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing