Inqirozlar changalidagi Gaiti xalqaro harbiy yordam so‘radi
Olam
−
08 Oktabr 2022
8633Kecha, 7 oktyabr kuni Gaiti hukumati sog‘liqni saqlash, energetika va xavfsizlik inqirozlari bilan kurashda xalqaro hamjamiyatdan harbiy yordam so‘radi. Bu haqda CNN nashri xabar bermoqda.
Gap shundaki, 2021 yil iyul oyida Prezident Jovenel Moiz o‘ldirilganidan keyin hukumat tepasiga kelgan Bosh vazir Ariel Anri joriy yilning sentyabr oyida yoqilg‘i subsidiyasini olib tashlashni e’lon qildi. Shundan so‘ng, Gaitida benzin narxi ikki barobar, dizel yoqilg‘isi narxi esa 89 foizga oshdi. Oqibatda mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Gaitiliklar shahar ko‘chalariga chiqib, narxlarning yuqoriligi, milliy valyutaning dollarga nisbatan qadrsizlanishi va yoqilg‘i tanqisligidan norozilik bildirdi. Bu esa Gaitidagi og‘ir gumanitar vaziyatni yanada chigallashtirdi va davlat vabo epidemiyasi bilan yuzma-yuz keldi. Mamlakat jiddiy ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy inqirozga yuz tutgan, jinoiy guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuzaga kelgan, qator hududlarda, ayniqsa, poytaxtda talonchilik va yong‘inlar qayd etilgan. Minglab Gaiti aholisi mamlakatning turli shaharlarida norozilik namoyishlarini davom ettirib, hukumat iste’fosini talab qilmoqda.
Gaiti Bosh vaziri Ariel Anri televideniye orqali qilgan murojaatida xalqaro hamjamiyatni mamlakatga yordam berishga chaqirgan.
“Men xalqaro hamjamiyatni bizga yordam berishga, vaziyat yomonlashmasligi uchun bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman. Biz suv va dori-darmonlarni tarqata olishimiz kerak, chunki vabo qayta tiklanmoqda. Biz korxonalar faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yishimiz va shifokorlar, hamshiralar joylarga yetib borishi uchun yo‘llarni tozalashimiz kerak. Yoqilg‘i tarqatish va maktablarni qayta ochish uchun ulardan yordam so‘raymiz”, degan hukumat rahbari.
Shuningdek, Gaiti Bosh vaziri maslahatchisi Jan-Junior Jozef OAV bilan muloqotda qayd etishicha, mamlakat vabo iskanjasida qolmoqda va buning natijasida hukumat harbiy yordam so‘rashga majbur bo‘lgan.
“Gaiti og‘ir gumanitar inqirozga duch kelgan, mamlakat vabo iskanjasida, shifoxonalar faoliyatini davom ettirishi uchun esa yetarli energiya yo‘q. 7 oktyabr kuni Gaiti Vazirlar Kengashida xalqaro hamjamiyatdan harbiy yordam so‘rashga qaror qilindi”, deydi u
Ma’lumot uchun, Gaitida sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, vabo infeksiyasi sakkiz kishining hayotiga zomin bo‘lgan. “Chegara bilmas shifokorlar” tibbiy gumanitar guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyining birinchi haftasida 68 ta yangi holat aniqlangan.
LiveBarchasi