Indoneziyada yuqori darajadagi xavfli vulqon otildi (video)

Olam

image

Kecha, 17 iyun kuni Indoneziyada vulqon 10 kilometrdan balandroqqa kul bulutini otdi. Ushbu hodisa orolga borayotgan va undan qaytayotgan o‘nlab reyslarning bekor qilinishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Internetda tarqalgan suratlarda to‘q sariq rangli qo‘ziqorinsimon bulutning Talibura qishlog‘i ustini qoplagani ko‘rinadi. U hatto 150 km uzoqlikdan ham kuzatilgan. Indoneziya rasmiylari eng yuqori darajadagi xavfni e’lon qilib, sayyohlarga bu hududga safar qilmaslikni tavsiya etgan.

Denpasardagi xalqaro aeroport saytiga ko‘ra, Bali orolida o‘nlab reyslar to‘xtatilgan. Bu reyslar orasida Jakarta va Lombokka ichki reyslar, shuningdek Avstraliya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Yangi Zelandiya va Singapurga xalqaro parvozlar bor.

Fransisk Ksaver Seda nomidagi aeroport xavfsizlik nuqtai nazaridan ertaga, 19 iyungacha yopilgan. Singapurdagi Changi aeroporti saytida Jetstar va Scoot aviakompaniyalari bugun, 18 iyun tongida Baliga reyslarini, AirAsia esa Indoneziya poytaxtiga tushlikdagi parvozini bekor qilgani bildirilgan.

“Bu vulqon otilishi ikki soat ichida 50 marta faollik kuzatilganidan keyin sodir bo‘ldi, bu esa kunlik o‘rtacha 8-10 otilishdan sezilarli darajada yuqori”, deyiladi xabarda.

Rasmiylarning tasdiqlashicha, 18 iyun tongida balandligi 1584 metr bo‘lgan “egizak” vulqonda yangi otilish sodir bo‘lgan, oqibatda 1 km balandlikka kul ustuni chiqqan.

Mahalliy favqulodda vaziyatlar agentligi xodimi Avi Xallanning aytishicha, ikki yaqin qishloqdan o‘nlab aholi evakuatsiya qilingan. Kraterdan 8 km uzoqlikda xavfli hudud belgilangan, kuchli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli sababli vulqon daryolari orqali lava oqimlari xavfi mavjudligi bo‘yicha ogohlantirish e’lon qilingan.

Qayd etilishicha, Levotobi-Laki-Laki vulqonining so‘nggi otilishi may oyida sodir bo‘lib, o‘shanda ham eng yuqori xavf darajasi e’lon qilingan.

Ma’lumot uchun, Indoneziyada 270 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mamlakatda 120 ta faol vulqon mavjud bo‘lib, seysmik faollik tez-tez ro‘y beradi. Arxipelag Tinch okean havzasini o‘rab turgan “Olov halqasi” – seysmik yoriqlardan iborat katta tizim bo‘ylab joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sitsiliyadagi Etna tog‘idan balandligi 6,5 km (2,3 milya) ga yetgan ulkan vulqon kul, gaz va tosh ustuni otilgandi. Italiya Milliy geofizika va vulqonshunoslik instituti (INGV) ma’lumotlariga ko‘ra, otilish tabiati kraterning yon tomonlaridan birida tosh qulashi sodir bo‘lganini ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Indoneziya vulqon Levotobi-Laki-Laki

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing