Imron Xon yana saylovda ishtirok etadi
Olam
−
21 dekabr 2023
5588Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon 2024 yilning 8 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan respublika parlamentiga saylovda nomzod sifatida ishtirok etadi. Bu haqda muxolifatdagi “Adolat harakati” partiyasi raisi Gohar Xon ma’lum qildi.
Partiya raisining aytishicha, qamoqqa olingan sobiq bosh vazir Pokistondagi uchta saylov okrugi – Islomobod, Lahor va Mianvalida o‘z nomzodini qo‘yadi.
Mutaxassislarning fikricha, Imron Xon saylovda ishtirok etish uchun uzoq davom etadigan huquqiy kurashga duch keladi. Sobiq bosh vazir texnik jihatdan parlamentga kirish huquqiga ega, ammo unga qarshi ko‘plab ishlar ochilgan.
Imron Xon 5 avgust kuni sud uni korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olishga order berganidan keyin politsiya tomonidan qo‘lga olingan. 29 avgust kuni Pokiston sudi sobiq bosh vazir Imron Xonga nisbatan 3 yillik qamoq jazosini to‘xtatib, uni garov puli evaziga ozod qildi. Biroq, 30 avgust kuni Xon "davlat sirlarini oshkor qilish"da ayblanib, yana hibsga olingan.
Joriy yilning 2 dekabr kuni Pokiston saylov komissiyasi talabiga binoan o‘tkazilgan ichki partiyaviy saylovlar yakunlari bo‘yicha Imron Xonning advokati Gohar Xon “Adolat harakati” partiyasining yangi raisi etib saylandi. U partiyaga Imron Xonning vakili sifatida raislik qilishini aytdi. Partiyaning katta advokati Ali Zafarning ta’kidlashicha, Gohar Xonning tayinlanishi vaqtinchalik, chunki Imron Xon Toshaxona ishi bo‘yicha diskvalifikatsiyasi olib tashlanganidan keyin u partiya raisi lavozimiga qaytadi.
LiveBarchasi