Imron Xon shifoxonadan yana qamoqxonaga qaytarildi
Olam
−
09:59 1480 1 daqiqa
Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon Islomoboddagi Shifa International Hospital shifoxonasida bir necha soat tibbiy ko‘rikdan o‘tgach, yana Adiala qamoqxonasiga qaytarildi. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.
Qayd etilishicha, 73 yoshli siyosatchi Oliy sud qaroriga muvofiq kecha, 20 avgust kuni kechasi qamoqxonadan shifoxonaga olib borilgan. U yerda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganidan so‘ng bugun, 21 avgust kuni yana qamoqxonaga qaytarilgan.
Imron Xonning partiyasi – Pokiston Tehrik-e-Insaf vakili sobiq bosh vazirning Ravalpindidagi Adiala qamoqxonasiga olib ketilganini tasdiqlagan.
Xonning advokatlari uning sog‘lig‘i qamoqda yomonlashgani va o‘ng ko‘zidagi ko‘rish qobiliyati sezilarli darajada pasayganini bildirmoqda. Hukumat esa tibbiy xulosalarda zudlik bilan davolanishni talab qiladigan holat aniqlanmaganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Imron Xon 2018 yildan 2022 yilgacha Pokiston bosh vaziri lavozimini egallagan. Unga nisbatan bir nechta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2023 yildan beri sobiq bosh vazir Toshaxona davlat xazinasida saqlanayotgan qimmatbaho buyumlarni sotganlik ayblovi bilan 14 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Pokiston Oliy sudi shu hafta Imron Xonni 48 soat ichida Islomoboddagi Shifa International Hospital shifoxonasiga o‘tkazish hamda uning shaxsiy shifokori ham qatnashadigan tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tkazishni buyurgan edi.
Live
Barchasi