Imomo‘g‘li Turkiya prezidentligiga nomzod etib tasdiqlandi

Olam

image

Turkiyaning asosiy muxolif partiyasi – Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lini 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida mamlakat rahbari lavozimiga nomzod sifatida tasdiqladi. Bu haqda NTV xabar berdi.

Qayd etilishicha, tegishli qaror bugun, 27 mart kuni partiya yig‘ilishida qabul qilingan. Shuningdek, joriy yilning 6 aprel kuni Jumhuriyat xalq partiyasining navbatdan tashqari qurultoyini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Partiya yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel jurnalistlarga bergan bayonotida Turkiyada muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish uchun imzo yig‘ish jarayoni boshlanishini ma’lum qilgan. Uning maqsadi – 28 million imzo yig‘ish va amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning 27,7 million ovozini ortda qoldirish.

O‘zg‘ur O‘zel, shuningdek, hafta oxirida Maltepeda bo‘lib o‘tadigan namoyishlar davom ettirilishini bildirgan. U Anqara, Izmir, Antaliya va Mersin kabi yirik shaharlarda “Mening nomzodimni qoldiring” shiori ostida aksiyalar o‘tkazishini e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zg‘ur O‘zel JXP praymerizida hibsga olingan Ekrem Imomo‘g‘lining prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surilishi uchun deyarli 15 million kishi ovoz berganini bildirgandi.

Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi

19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.

Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.

Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.

Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi.  JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ekrem Imomo'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing