Imomo‘g‘li barcha ayblovlarni rad etdi

Olam

image

Korrupsiya va terrorizm ishi bo‘yicha hibsga olingan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etdi. Bu haqda “Türkiye Gazetesi” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, jinoiy guruh tashkil etish, davlat xaridlarida qonunbuzarlik, pul yuvish va komissiyalar, soxta tenderlar, poraxo‘rlik, qurilish sohasidagi noqonuniy daromad, korrupsiya yo‘li bilan mulk orttirish kabi ayblovlar bilan tergov qilinayotgan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li mazkur ayblovlarning barchasini rad etgan. Endi bugun, 22 mart kuni u sud binosiga olib boriladi va sud qarshisida javob berishi kerak.

NTV telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, u Istanbul politsiyasining 88-bo‘limida so‘roq qilingan. Ish bo‘yicha guvohlik bergan Jumhuriyat xalq partiyasi vakillari bu jarayonni siyosiy bosim deb atamoqda. Tergovning asosiy e’tibori Istanbul shahar hokimligining 2019 yilgi xaridlari bilan bog‘liq. Ayblovlar hokimiyat binosi oldi-sotdisi hamda shubhali moliyaviy operatsiyalar atrofida shakllangan.

“Maxfiy kassa” va shubhali shaxslar

Tergovda Adem Soytekin, Huseyn Ko‘ksal va Ali Nuho‘g‘li ismli shaxslar “maxfiy kassa” vazifasini bajargani, ularning moliyaviy operatsiyalarda shubhali rol o‘ynagani ta’kidlanmoqda. Aytilishicha, Adem Soytekin İmamoğlu İnşaat kompaniyasida oddiy ishchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, hokimiyatga kelganidan keyin noqonuniy moliyaviy operatsiyalarda ishtirok etgan. Bundan tashqari, kompaniyaning 8 ta ko‘chmas mulki hech qanday to‘lovlarsiz Soytekinga o‘tkazilgan. 

Shuningdek, Istanbul shahar hokimiyatining ayrim kompaniyalarga pul o‘tkazish evaziga 10-20 foiz miqdorida pora olgani, ayrim tadbirkorlar shahar hokimiyati tarkibidagi shirkatlar orqali pora evaziga shartnomalar olgani aytilmoqda. Bundan tashqari, Kültür A.Ş bilan ishlagan tadbirkorlar shubhali moliyaviy operatsiyalarda qatnashgani, Huseyn Ko‘ksal nomiga 130 million liralik noma’lum pul o‘tkazilgani va undan 50 million lirasi İmamoğlu İnşaat'ga ko‘chmas mulk sotib olish uchun yo‘naltirilgani iddao qilinmoqda.

Istanbul shahar hokimiyati matbuot xizmati rahbari Murat Ongun esa hokimiyatga qarashli Media A.Ş orqali noqonuniy daromad orttirganlikda gumon qilinmoqda. 20 ta kompaniya bilan tuzilgan 170 ta shartnomada qonunbuzarliklar aniqlangan.

Mazkur ish bo‘yicha 12 nafar guvoh tergov jarayonida ishtirok etmoqda. MASAK (Moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha rasmiy idora) tergov hujjatlarini tekshirish uchun o‘z hisobotlarini kiritgan.

Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi

19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.

Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.

Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.

Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Turkiya Ekrem Imomo'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing