Imomali Rahmonning qizi Qobiljonning onasiga 30 ming dollar berdi

Olam

image

Tojikiston Prezidenti Ijro apparati rahbari, mamlakat Prezidenti Imomali Rahmonning qizi Ozoda Rahmon 300 ming somoniy (taxminan 30 ming AQSH dollari) miqdorida yordamni Moskva viloyatidagi maktablarning birida millatlararo nafrat oqibatida 15 yoshli Rossiya fuqarosi tomonidan o‘ldirilgan 10 yoshli tojikistonlik bola Qobildjon Aliyevning onasi Nilufar Safoyevaga taqdim etdi. Bu haqda “Xovar” davlat axborot agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, mazkur tashabbus va qo‘llab-quvvatlash jamiyatda birdamlik, g‘amxo‘rlik va insoniy qadriyatlarning e’tirofi ekanini ta’kidlaydi.

Avvalroq Tojikiston hukumati tomonidan Nilufar Safoyevaga uy sovg‘a qilingandi. Bundan tashqari, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat tadbirkorlaridan biri Umar Alimatov Nilufar Safoyevani 10 ming somoniy (taxminan 1000 AQSH dollari) oylik maosh to‘lanadigan ish bilan ta’minlash majburiyatini olgan.

Qobiljon fojiasi

Eslatib o‘tamiz, 16 dekabr kuni ertalab 15 yoshli to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi maktabga pichoq bilan bostirib kirdi. U avvaliga sinfxonalarga kirib, o‘zi uchun o‘lja qidirgan. Uni payqagan maktab qo‘riqchisiga qarata ko‘zni achishtiruvchi gaz purkagan va uni pichoqlagan. Shundan keyin u shu maktabning 4-sinf o‘quvchisi – tojikistonlik migrant oila bolasi Qobiljon Aliyevni pichoqlab o‘ldirgan.

Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) va Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov qo‘mitasi hibsga olingan 15 yoshli o‘smir so‘roq paytida aybini tan olganini, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va tafsilotlarni ham bayon qilganini ma’lum qildi.

Hujumni uyushtirgan 15 yoshli Timofey K. ismli bola qo‘lga olingach, uning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada “Sygaown” so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.

17 dekabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Odinsovoning Gorki-2 qishlog‘idagi Uspenskiy o‘rta maktabida to‘rtinchi sinf o‘quvchisining o‘ldirilishini qoraladi. Vazirlik respublika fuqarosi bo‘lgan bolaning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirdi. 

Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham Tojikistonga va Moskva viloyatining Odinsovo shahridagi maktabda halok bo‘lgan bolaning oilasiga hamdardlik bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi fojianing barcha holatlarini aniqlash va tergov o‘tkazish uchun Moskvadagi Tojikiston elchixonasiga zudlik bilan yordam taklif qildi. 

Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu Tojikiston Xavfsizlik Kengashi kotibi Yusuf Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilib, huquqni muhofaza qilish organlari jinoyat holatlarini xolis tekshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini bildirdi.

18 dekabr kuni ertalab Tojikistondagi uyiga olib kelindi va Shahrinav tumanidagi qabristonga, otasining qabri yoniga dafn etildi

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi ushbu qotillik bo‘yicha 15 yoshli Rossiya fuqarosini qo‘lga olib, unga nisbatan “qotillik” va “qotillikka suiqasd” moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Sud qaroriga ko‘ra, gumonlanuvchi ikki oy muddatga dastlabki qamoqqa olindi.

22 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlarining norasmiy uchrashuvi chog‘ida Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga tojikistonlik maktab o‘quvchisining o‘ldirilishi ortidan hamdardlik bildirdi va aybdorlar albatta jazolanishini va’da qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Imomali Rahmon Ozoda Rahmon Qobiljon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing