Imomali Rahmon va Shahboz Sharif Eronga jo‘nab ketdi
Olam
−
22 may
8375Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Eron xalqiga hamdardlik bildirish maqsadida ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Bu haqda ikki mamlakatning rasmiy saytlarida xabar berildi.
Tojikiston rahbari matbuot xizmatiga ko‘ra, tashrifdan maqsad Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirishdir.
“Davlat rahbari va unga hamrohlik qilayotgan Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin, Prezidentning tashqi aloqalar bo‘yicha yordamchisi A’zamsho Sharifiy va boshqa rasmiy shaxslar Raisiy bilan vidolashuv marosimida ishtirok etadi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakat xalqiga hamdardlik bildirish va Prezident Ibrohim Raisiy bilan rasmiy vidolashuv marosimida ishtirok etish uchun Eronga tashrif buyurishini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, Shahboz Sharif Eronning ruhiy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy va prezident vazifasini bajaruvchi Muhammad Moxber bilan ham uchrashuvlar o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, 19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha, halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.
Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Respublika saylov shtabining matbuot kotibi Muhsin Islomiy Eronda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 may kuni Tabriz shahrida Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan rasmiylar bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tgandi. 22 may kuni Eron poytaxti Tehron shahrida Prezident Ibrohim Raisiy bilan vidolashuv marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etishi ma’lum qilindi.