Imomali Rahmon Erondan Ozarbayjonga bordi

Olam

image

Kecha, 22 may kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon davlat tashrifi bilan Ozarbayjonga bordi. Bu haqda “Asia-Plus” nashri xabar berdi. 

Imomali Rahmon Bakuga kelishi bilanoq hurmat belgisi sifatida Ozarbayjon xalqi yetakchisi Haydar Aliyev, Haydar Aliyevning rafiqasi Zarifa Aliyeva qabriga, Ozarbayjonda halok bo‘lgan qahramonlarning mangu olovi poyiga gulchambarlar qo‘ydi va ularning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

“Azertac” davlat axborot agentligining xabar berishicha, tashrifning rasmiy dasturi bugun, 23 mayga belgilangan.

Tojikiston rahbari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan yakkama-yakka, shuningdek, ikki davlat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokaralar olib borishi kutilmoqda.

Ularning natijalari asosida ikki tomonlama hujjatlar paketini imzolash rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Eron xalqiga hamdardlik bildirish maqsadida ushbu mamlakatga borgandi. 

Joriy yilning 19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha,  halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Imomali Rahmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing