Imomali Rahmon ham Tojikistonda harbiy parad o‘tkazdi

Olam

image

Bugun, 8 may kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Dushanbe shahridagi G‘alaba bog‘ida 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy paradda ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tadbir o‘tkaziladigan joyda davlat rahbari Imomali Rahmonni o‘g‘li, Dushanbe shahri hokimi Rustam Imomali va Tojikiston Mudofaa vaziri Imomali Sobirzoda kutib olgan.

Tantanali marosimda Tojikiston Milliy Majlisi Raisi va Vakillar palatasi raisi, Tojikiston Respublikasi hukumati a’zolari, hokimiyat tuzilmalari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, Rossiyaning 201-harbiy bazasi hamda Tojikistondagi harbiylar va mehnatkashlar ishtirok etgan.

Ushbu paradda so‘zga chiqqan davlat rahbari Ikkinchi jahon urushi yillarida tojik ofitser va askarlarining jasorati, matonati va fidoyiligini alohida qayd etgan.

Ma’lumot uchun, urush yillarida Tojikistonning bir yarim million aholisidan 300 mingdan ortig‘i jang maydoniga safarbar etilgan bo‘lib, bu mamlakat mehnatga layoqatli aholisining 50 foizini tashkil qiladi. Ulardan 100 mingdan ortig‘i janglarda halok bo‘lgan, 40 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan, yana 60 ming nafari urushdan nogiron bo‘lib qaytgan.

Ikkinchi jahon urushidagi jasorat va qahramonliklari uchun 58 ming nafar tojikistonlik ofitser va askarlar orden va medallar bilan taqdirlangan, ulardan 55 nafari jasorati uchun “Sovet Ittifoqi Qahramoni” yuksak unvoni bilan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 7 may kuni Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi, shuningdek, 7 may – “Vatan himoyachilari” kuni sharafiga Qozog‘istonning Ostona shahrida harbiy parad bo‘lib o‘tgandi. Qolaversa, bugun, 8 may kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda ham Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad bo‘lib o‘tgandi va unda mamlakat Prezidenti Sadir Japarov ishtirok etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Ikkinchi jahon urushi Imomali Rahmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing