Japarov Bishkekda harbiy parad o‘tkazdi
Olam
−
08 may 9493 1 daqiqa
Bugun, 8 may kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad bo‘lib o‘tdi va unda mamlakat Prezidenti Sadir Japarov ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Sadir Japarov dastlab G‘alaba bog‘idagi “Mangi olov” poyiga gul qo‘yib, halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

So‘ngra Ala-Too markaziy maydonida Qirg‘iziston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari va boshqa kuch tuzilmalari ishtirokida tantanali harbiy parad bo‘lib o‘tdi.
Parad oldidan Qirg‘izistonning zamonaviy armiyasi haqida qisqacha videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng Prezident tabrik so‘zi bilan tarixiy G‘alabaning ahamiyatini ta’kidlab, tinchlikni himoya qilgan avlodlar jasorati va qahramonligini alohida ta’kidladi.

Rasmiy qismdan so‘ng parad harbiy qismlarning tantanali marshi, zamonaviy harbiy texnikalar namoyishi, jangovar samolyotlarning estakadasi va qo‘shma harbiy orkestrning chiqishlari bilan davom etdi.

Tadbir so‘ngida Prezident Sadir Japarov shaxsiy tarkibga minnatdorlik bildirib, parad bo‘linmalari komandirlarini tabrikladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 7 may kuni Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi, shuningdek, 7 may – “Vatan himoyachilari” kuni sharafiga Qozog‘istonning Ostona shahrida harbiy parad bo‘lib o‘tgandi.