Ilon Mask odamlarni robotlashtirmoqchi
Texnologiya
−
27 iyul 2023
5970Ilon Mask o‘tgan hafta Dubayda bo‘lib o‘tgan Jahon hukumati sammitida o‘zining navbatdagi maqsadi odamlarni kiborg (robot)lashtirish ekanligini aytdi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Maskning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt yanada takomillashgani sari ommaviy ishsizlik ortib boradi.
"Robot odamdan ko‘ra yaxshiroq bajara olmaydigan ishlar tobora kamayib boradi. Agar kelajakda sun’iy intellekt hukmronlik qiladigan bo‘lsa, odamlar o‘z ahamiyatini saqlab qolish uchun kiborgga aylanishi kerak", dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar "biologik idrok va mashina salohiyatini birlashtirish" orqali o‘z imkoniyatlarini oshirishi kerak. Agar bu amalga oshirilmasa, insoniyat sun’iy intellekt uchun "uy mushuklari" bo‘lib qoladi.
Nazariya shundan iboratki, miyadagi nerv faolligi haqida yetarli bilimga ega bo‘lgan holda, odamlarga qo‘shimcha kognitiv (qo‘shimcha xotira) yoki sezgi (tungi ko‘rish) qobiliyatlarini berishi mumkin bo‘lgan “neyroprostetiklar”ni yaratish mumkin bo‘ladi.
Hozirgacha miya-kompyuter interfeyslari nisbatan sodda vazifalar uchun ishlatiladi. Masalan, falaj bo‘lgan bemorlar uchun vosita boshqaruvini tiklashda yoki miya shikastlanishi bilan og‘rigan bemorlarda aloqani ta’minlashda ishlatilishi mumkin.
Ushbu amaliyot bir qarashda fantastik filmlardagidek ko‘rinishi mumkin. Ammo u bilan bog‘liq bir qancha kichik tajribalar allaqachon amalga oshirilgan. Xususan, o‘tgan yili miyani rag‘batlantirish uchun tashqi elektr signallaridan foydalanish tajribasi Neytan Kuplend ismli bola bilan o‘tkazilgan. Unga ikki tomonlama aloqaga ega protez qo‘l o‘rnatilgan. Tajribadan so‘ng u nafaqat qo‘lini boshqara oladi, balki unga tegilganda sezadi.
Shunga qaramay, bular Ilon Maskning odam va mashina o‘rtasidagi uyg‘unlashuvi haqidagi tasavvuridan ancha uzoqdir. Bu esa miya tarmog‘ini yanada chuqurroq tushunishni talab qiladi.
“Bizning miyamizda 80 milliarddan ortiq neyronlar mavjud. Uskunalarimiz hozirda bizga juda oz sonli neyronlarga kirish imkonini beradi”, dedi SI yordamida inson intellektini oshirishga yo‘naltirilgan Kernel kompaniyasi asoschisi Brayan Jonson.
Ba’zi olimlar ushbu nazariyaga qarshi. Sababi odamlarni kiborglashtirish bir qancha xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Xususan, inson miyasiga mikrochip o‘rnatilishi natijasida ularning xayollarini o‘qish mumkin bo‘ladi. Fikrni o‘qiydigan qurilmalar yoki implantlar maxfiylikka oid misli ko‘rilmagan muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
“Mikrochiplarning uchinchi shaxslar tomonidan buzib kirilishi xavfi mavjud. Bu foydalanuvchining harakatlarni amalga oshirish niyatiga to‘sqinlik qilishi, chipdan ma’lumot olish orqali shaxsiy hayotning daxlsizligini buzishi mumkin”, dedi neyroetika bo‘yicha mutaxassis Uolter Glennon.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyning “Unitree Robotics” kompaniyasi uy hayvonlarining o‘rnini bosuvchi Go2 aqlli robotini taqdim etdi.