Kurs UZS

USD

12 937.16

23.97

EUR

13 937.20

28.4

RUB

154.55

0.38

Ilon Mask X’ni sotdi

Texnologiya

image

Milliarder Ilon Mask o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ini sun’iy intellektni rivojlantirayotgan xAI startapiga sotganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, xAI 80 milliard dollarga, X esa 33 milliard dollarga baholangan (45 milliard dollar minus 12 milliard dollar qarz). Uning o‘zi ijtimoiy tarmoqni 2022 yilda 44 milliard dollarga sotib olgan.

“xAI va X kelajagi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Bu kelishuv xAI'ning ilg‘or AI qobiliyatlari va tajribasini X'ning keng qamrovi bilan birlashtirib, ulkan salohiyatni ochib beradi”, deb yozgan Mask.

Ijtimoiy tarmoq allaqachon xAI'dan Grok chatbotini birlashtirgan bo‘lib, u 2023 yil oxiridan boshlab premium obunachilarga taqdim etilib kelinmoqda. 

“Bloomberg”ning yozishicha, birlashgan kompaniya XAI Holdings nomini olgan va uning qiymati qarz majburiyatlarini hisobga olmaganda 100 milliard dollardan oshadi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Morgan Stanley moliyaviy konglamerati kelishuvni qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etgan.

CNN'ning xabar berishicha, Mask “sun’iy intellekt bo‘yicha yetakchi sifatida o‘zini ko‘rsatishga” harakat qilmoqda va bu AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatini ham qiziqtirmoqda. Joriy yilning boshida Mask ChatGPT chatbot ishlab chiqaruvchisi OpenAI'ni qariyb 100 milliard dollarga sotib olishga uringan investorlar konsorsiumini boshqargan. U uzoq vaqtdan beri raqib bo‘lib kelgan OpenAI bosh direktori Sem Altman “Agar xohlasangiz, Twitter'ni 9,74 milliard dollarga sotib olamiz”, degandi o‘shanda.

Ijtimoiy tarmoqni sotib olgandan so‘ng Mask kompaniya xodimlarining 80 foizini ishdan bo‘shatdi, platformani tekshirish tizimini o‘zgartirdi, bahsli bayonotlar uchun bloklangan foydalanuvchi akkauntlarini tikladi va ba’zi yirik reklama beruvchilarni ijtimoiy tarmoqni tark etishga majbur qilgan bir qator boshqa o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Biroq, ular yaqinda qaytishni boshladi, xususan, Amazon va Apple yana X'ga qayta sarmoya kiritmoqda. 

“Ijtimoiy tarmoq qiymatining o‘sishiga ta’sir qilgan eng muhim omillardan biri Maskning AQSH Prezidenti ma’muriyatiga tayinlanishi – u Hukumat samaradorligi departamentini (DOGE) boshqaradi”, deydi CNN.


Maqola muallifi

Teglar

Ilon Mask X

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing