IIV Jarqo‘rg‘onda kaltaklangan sud xodimini aybdorga chiqardi

Jamiyat

image

Avvalroq, Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida sudyalar obro‘sizlantirilgani va sud xodimi kaltaklangani haqida xabar bergan edik. Biroz o‘tib, holatga Bosh prokuratura munosabat bildirib, vaziyat nazoratga olinganini ta’kidladi.

Endilikda Ichki ishlar vazirligi sud xodimi kaltaklangani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, Jarqo‘rg‘on tumani “Yangiobod” mahallasi hududida tashkil etilgan blok-postda 10 iyul kuni soat 09:50 larda tuman hokimi Z.Davlatov, tuman prokurori B.Haydarov va tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik B.Xidirov tomonidan ichki ishlar organlari va xizmatga jalb etilgan boshqa xodimlarning faoliyati muvofiqlashtirilayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda ushbu Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga qarashli Nexia-3 rusumli 75/530/YAA davlat raqamli xizmat avtomashinasini haydovchi R.R. blok-postga qarama-qarshi yo‘nalishda boshqarib kelganligi sababli, tuman hokimi va postda xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlari mazkur avtotransportni yo‘lning qatnov qismidan chetga olishni talab qilgan. Haydovchi xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmay avtomashinani yo‘ldan olmasligini, kelgan joyida turishini aytib, 20-25 daqiqa davomida avtomashinani to‘xtatib qo‘yishi oqibatida, postda sun’iy tirbandlik yuzaga kelgan.

Shundan so‘ng, holatga oydinlik kiritish maqsadida haydovchi R.R. soat 10:30 larda tuman IIBga olib borilib, soat 11:00 larda tuman IIBdan chiqarib yuborilgan.

Shu kuni haydovchi R.R. o‘ziga tan jarohati yetkazilganligi vaji bilan tuman shifoxonasiga murojaat qilgan, shifoxonaning bu haqidagi xabarnomasi tuman IIBga yuborilib, o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, xabarnoma tegishliligi bo‘yicha tuman prokuraturasiga yuborilgan. Hozirgi vaqtda yuzaga kelgan holat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilib, ishtirokchilarning harakatlariga huquqiy baho beriladi.

Eslatib o‘tamiz, kaltaklangani aytilgan sudga qarashli avtomobil haydovchisi tuman sudyasini olib ketayotgan bo‘lgan. Shunday vaziyatda u qonunga zid harakatlanishi, yetmaganiga IIB xodimining talabiga bo‘ysunmsligi mumkinmi? Yoki bo‘lmasam IIV “eng yaxshi himoya – hujum” qabilida ish tutib, aybni sud xodimiga ag‘darib qo‘ya qoldimi?


Maqola muallifi

Teglar

sud'ya Jarqo'rg'on

Baholaganlar

975

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing