Ibn Sinodan tishni asrashga oid 8 maslahat
Salomatlik
−
03 dekabr 2020
19738Tish o‘zi uchun zaruriy oziq moddalarni tanovul qilinayotgan ovqatdan oladi. Shu sabab ovqatni yaxshilab chaynash, tishlarni ko‘proq yuvish va shifobaxsh moddalar bilan chayish tavsiya etiladi.
Tishlarga oziq moddalar yetib borishiga kamida ikki daqiqa talab qilinadi. Kislota, shakar va mikrob toksinlari ham xuddi shuncha vaqt mobaynida tishga so‘rilib, eng muhim moddalardan biri kalsiyni parchalaydi. Shuning uchun tishni chayib turish o‘ta muhim.
Olma, sabzi, lavlagi, karam kabi meva-sabzavotlar iste’moli so‘lak ajralishini ko‘paytiradi va tishni o‘z-o‘zini tozalashi uchun yordam beradi. Bundan tashqari, yangi mevalarda bakteriyalarni yo‘q qiluvchi fitonsid moddasi mavjud.
Abu Ali Ibn Sino o‘zining “Tib qonunlari” asarida tishlarni sog‘ saqlash uchun sakkiz qoidani esda tutish lozimligini ta’kidlaydi:
– tez buziladigan (aynishga moyil) ichimlik va ovqatlarni (sut, tuzlangan baliq) yeyishda ehtiyot bo‘lish;
– doimiy qayd qilib yurishdan saqlanish;
– har qanday holva va yopishqoq anjirga o‘xshash tishga yopishuvchi shirinliklardan ehtiyot bo‘lish;
– qattiq narsalarni tish bilan sindirmaslik;
– tishni qamashtiruvchi narsalarni iloji boricha iste’mol qilmaslik;
– o‘ta sovuq narsalarni ichmaslik, ayniqsa issiq va sovuq narsalarni ketma-ket iste’mol qilmaslik;
– tishni zarar yetkazmagan holda doimiy tozalab turish;
– tishlarga zarar qiladigan boshqa turdagi narsalardan ham saqlanish.
Tishni misvoq bilan tozalaganda uni o‘rta darajadagi yumshoqlikda ishlatish kerak. Tishlar yaltiroqligi va tiniqligini ketkazib, biror xatarga sabab bo‘ladigan darajada ishqalamaslik kerak. Misvoq to‘g‘ri ishlatilsa, tishlar yaltiraydi, milklar mustahkamlanadi, tishlar kavaklanishi to‘xtab, og‘iz xushbo‘ylashadi.
Doim uxlashdan oldin tishlarni maxsus giyoh damlamalari bilan chayib turish kerak. Eng yaxshisi tish mijozi sovuq bo‘lsa asal bilan ishqalash lozim. Bu tishni yaltiratadi, zichlashtiradi, baquvvat qiladi va tozalaydi. Novvotni yanchib, asal bilan aralashtirib ishlatilsa, bu muolaja ham tishlar yaltirashi, milklar mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.
Ba’zan bundan so‘ng tish rangi o‘zgarib qolishi mumkin. Bunday hollarda asal iste’mol qilish yoki tishga surtish lozim. Kuydirilgan achchiqtosh va tuzni tishga ishqalash ham foyda beradi.
Yattu’ ildizini qaynatib, oyda ikki marta og‘iz chayib turilsa, tish va milklar sog‘lom bo‘ladi va og‘riqlarga shifo bo‘ladi.
LiveBarchasi