16 yoshli o‘smirning qovog‘ida tish o‘sib chiqdi

Olam

−

image

Hindistonda 16 yoshli o‘smirning chap qovog‘i shishib, bir necha oy o‘tgach, qovoq bilan qosh orasidagi terini teshib chiqqan ikkita oq, o‘tkir uchli jism paydo bo‘ldi. Bu xaqda “Medical Daily” nashri habar berdi.

Qayd etilishicha, bu noodatiy holat Hindistonning Maduray shahridagi Aravind ko‘z kasalxonasi shifokorlari tomonidan o‘rganilgan. Oftalmologlar holatni “Ophthalmology” jurnalida “Ko‘z kosasining yuqori qismida joylashgan ektopik it tishi” nomi ostida bayon qilgan.

Shifokorlarning ma’lum qilishicha, o‘smirdagi shish og‘riqsiz bo‘lgan. U shifoxonaga teri orasidan tishga o‘xshash qattiq jismlar chiqib qolganidan taxminan bir oy o‘tib murojaat qilgan.

Dastlab mutaxassislar bu holat teratoma – tarkibida soch yoki tish kabi to‘qimalar bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘sma yoki ko‘z qovog‘iga kirib qolgan begona jism bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rib chiqqan.

Biroq kompyuter tomografiyasi tekshiruvi ko‘z kosasining yuqori qismida bitta tish o‘sganini aniq ko‘rsatgan. Shifokorlarning aytishicha, teri orasidan chiqqan ikkita o‘tkir uchli jism alohida tishlar emas, balki bitta tishning qismlari bo‘lgan. Mutaxassislar tishni muvaffaqiyatli olib tashlagan. Holat haqidagi ilmiy hisobot joriy yilning yanvar oyida internetda e’lon qilingan, keyinchalik jurnalning iyun sonida chop etilgan.

Holatni o‘rgangan shifokor Megana Tanvarning aytishicha, bu ko‘z kosasining yuqori qismida joylashgan ektopik tishning birinchi va yagona qayd etilgan holatidir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliyaning Kvinslend shtatida juda noodatiy tug‘ma anomaliyaga ega buzoqcha dunyoga kelgan edi – uning boshidan to‘g‘ridan to‘g‘ri ikkita qo‘shimcha oyoq o‘sib chiqqan.

Marjona Mamaniyozova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing