Dorifurushlar yoxud oq halatlilarning qora o‘yinlari
Tahlil
−
21 may 9234 2 daqiqa
Bola kasal bo‘lsa, ota-ona shifokorga ishonadi. Qo‘lidagi oxirgi pulini sarflab bo‘lsa ham farzandini sog‘ayishini istaydi. Ammo ayrim holatlarda ana shu ishonch kimlardir uchun daromad manbaiga aylanib qolayotgandek.
So‘nggi paytlarda tahririyatga bolalarga keraksiz dori-darmonlar yozilayotgani, ortiqcha tahlil va tekshiruvlarga yo‘naltirilayotgani haqida murojaatlar ko‘paymoqda. Ayniqsa, hali organizmi to‘liq shakllanmagan go‘daklarga “miyani oziqlantiruvchi”, “asabni tinchlantiruvchi” yoki “rivojlantiruvchi” degan nomlar ostida turli preparatlar tavsiya qilinishi ota-onalarni jiddiy xavotirga solmoqda.
QALAMPIR.UZ tahririyatiga kelib tushgan murojaatlardan birida hali bir yoshga ham to‘lmagan chaqaloqqa noto‘g‘ri tashxis qo‘yilib, bir nechta dori vositalari tayinlangani aytildi. Bolaning ahvoli og‘irlashgach, ota-ona boshqa mutaxassis izlashga majbur bo‘lgan.
Ayrim shifokorlar bolaning haqiqiy ahvolini baholashdan ko‘ra, uni qancha tahlil va dori orqali “aylantirish” mumkinligiga ko‘proq e’tibor qaratadi. Davlat muassasasida ishlab, tushdan keyin xususiy klinikalarda faoliyat yuritadigan ba’zi mutaxassislar bemorni aniq laboratoriya yoki dorixonalarga yo‘naltirishi ham sir emas.
Shu o‘rinda O‘zbekistonda bolalar salomatligiga ajratilgan mablag‘lar miqdori bilan qiziqdik. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 14,3 million nafarni tashkil etadi. Davlat byudjeti hisobidan 108 turdagi dori vositalari bepul berilishi belgilangan. Shuningdek, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish uchun yuzlab milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda 35 mingdan ortiq bolaga ko‘rsatilgan ixtisoslashgan tibbiy yordam uchun 347 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.
You-tube’dagi mazkur videoda bolalarni davolashda yuzaga kelayotgan “sun’iy” muammolar, shifokorlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va davlat tomonidan aholiga ajratilayotgan yordam hamda bepul dori darmonlar haqida ma’lumot olishingiz mumkin.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi