Yurak qon-tomir kasalliklari bilan qanday kurashish mumkin?
Salomatlik
−
31 yanvar
16444Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar eng ko‘p yurak qon-tomir kasalliklaridan vafot etmoqda. Xususan, 2024 yilning yanvar-sentyabr oylarida vafot etgan 131 mingdan ortiq kishining yarmidan ko‘pi(57,2 foiz)ni yurak qon-tomir kasalliklari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan kishilar tashkil etgan. JST hisobotlarida keltirilishicha, yurak qon-tomir kasalliklaridan har yili 18 millionga yaqin odam vafot etadi va Markaziy Osiyo mazkur kasalliklar eng ko‘p uchraydigan mintaqalardan biri hisoblanadi. QALAMPIR.UZ qon-tomir kasalliklari haqida o‘quvchilarga ma’lumot berish va ogohlikka chaqirish maqsadida kardiolog shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Hamidulla Toshpo‘latovdan bir qancha muhim savollarga javob oldi.
Iqbol Ergashova, muxbir: — Yurak qon-tomir kasalliklari va ularning eng keng tarqalgan turlari haqida ma’lumot bersangiz.
Hamidulla Toshpo‘latov, kardiolog: — Dunyo bo‘ylab o‘limga olib keluvchi kasalliklar orasida qon aylanish tizimi kasalliklari birinchi o‘rinda turadi. JST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyodagi barcha o‘lim holatlarining 30 foizi qon aylanish tizimi kasalliklari oqibatida bo‘ladi, ulardan 42 foizini yurak ishemik kasalligi, 38 foizini esa insult kasalligi tashkil etadi. Dunyo aholisining 18 yoshdan katta qismida har uchinchi shaxsda qon bosimining oshish holati kuzatiladi.
Yurak qon-tomir kasalliklari ichida eng ko‘p tarqalgan turi bu qon bosimi kasalligi, ya’ni arterial gipertoniya bo‘lib, bunda bemorlarda sistolik va diastolik bosimning me’yordan oshib ketishi kuzatiladi. Insonda qon bosimining me’yori 120/80 mm simob ustuniga teng bo‘lib, kun davomida bu ko‘rsatkich, 100/70 – 140/90 oralig‘ida bo‘lishi mumkin. Normal qon bosimining yuqori chegarasi 140/90 bo‘lib, bu ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lsa, qon bosimi kasalligi kelib chiqadi. Ushbu kasallikda bemorlarda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘z tinishi, uyquning buzilishi, asabiylashish hollari kuzatiladi. Qon bosimi kasalligi surunkali davom etib, yurak, buyrak, bosh miya va ko‘z kabi organlar shikastlanishiga olib keladi. Bu kasallikning eng xavfli asorati bu bosh miya insulti hisoblanadi. Ya’ni bosh miyaga qon quyilishi kuzatilib, bu hol ko‘pincha nogironlikka olib keladi. Ba’zi hollarda esa o‘lim bilan yakunlanishi ham mumkin.
Yurak qon-tomir kasalliklarining yana bir keng tarqalgan turi yurak ishemik kasalligi bo‘lib, bunda yurak toj tomirlarining torayishi oqibatida yurak mushaklarining oziqlanishi buziladi, kislorodga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq ta’minlanmasligi ko‘krak sohasida kuchli og‘riq kuzatilishiga sabab bo‘ladi. Bu holat jismoniy va ruhiy zo‘riqishda, qon bosimi ko‘tarilganda yuzaga keladi. Og‘riq ko‘pincha to‘sh sohasida paydo bo‘lib, kurak sohasi va chap qo‘lga uzatiladi. Bemor davolanmasa yoki kuchli og‘riq paytida tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, miokard infarkti kabi asorat yuzaga kelishi va qo‘qqisdan o‘lim holati kuzatilishi mumkin.
I.E.: — Mazkur kasalliklarning asosiy rivojlanish sabablari nimalardan iborat va qanday insonlarda moyillik ko‘proq?
X.T.: — Yurak qon-tomir kasalliklari ko‘pincha jismoniy harakati kam, haddan ziyod yog‘li ovqatlar iste’mol qiladigan, tamaki mahsulotlarini chekuvchi va spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan kishilarda hamda ruhiy zo‘riqish holatlarida yuzaga keladi. Yurak qon-tomir kasalligi nasldan naslga o‘tishi ham mumkin. Shu sababli yaqin qarindoshlari qon bosimi, miokard infarkti va yurak ishemik kasalliklarini boshdan o‘tkazgan kishilarda bu kasalliklar ko‘proq uchraydi. Shuning uchun bunday kishilar sog‘liqlariga e’tiborli bo‘lishlari va kasallikning oldini olish choralarini ko‘rishlari kerak bo‘ladi.
I.E.: — Yurak qon-tomir kasalliklari belgilari qanday va aynan qaysi holatlar shifokorga murojaat qilishga signal hisoblanadi?
X.T.: — Yurak qon-tomir kasalliklarining kelib chiqishi boshning tez-tez og‘rib turishi, asabiylashish, uyqusizlik, ko‘krak sohasida achishish, sanchish kabi og‘riqlarning jismoniy va ruhiy zo‘riqishda paydo bo‘lishi va dam olganda o‘tib ketishi, bunday holatning borgan sari tez-tez takrorlanishi, qon bosimining tez-tez oshib turishi bilan kuzatiladi. Bunday holatda bemor kardiolog shifokorga murojaat qilishi, elektrokardiogramma va qon tahlillarini topshirishi, kasallikka moyillik aniqlanganda esa uning avj olishini to‘xtatish choralarini ko‘rishi kerak.
I.E.: — Shunday kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarning turmush tarzi qanday tashkil etilishi kerak?
X.T.: — Yurak qon-tomir kasalliklariga chalingan bemorlar sog‘lom turmush tarziga amal qilishi, jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishi, tamaki mahsulotlarini chekishni tashlashi, tiniqib uxlashi, toza havoda sayr qilishi, ovqatlanish ratsionida yog‘li ovqatlarni kamaytirishi, yengil hazm bo‘luvchi, vitaminlarga boy taomlarni iste’mol qilishi va shifokor tavsiyalariga amal qilishi kerak bo‘ladi.
I.E.: — Zamonaviy tibbiyot yurak qon-tomir kasalliklarini qanday davolamoqda? Yangi usul va asbob-uskunalar davolash hamda diagnostikani qanchalik yengillashtiryapti?
X.T.: — Hozirgi kunda yurak qon-tomir kasalliklarining davolash va diagnostikasida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalardan foydalanilyapti, davolash choralari yuqori samarali dori vositalari va zamonaviy texnologik davolash usullari yordamida olib borilmoqda. Yurak faoliyatini va yurak mushaklar va klapanlari holatini o‘rganuvchi EXO kardiografiya, yurak urishini bir sutka davomida nazorat qiluvchi Xolter monitorlash usuli, yurakning jismoniy yuklamaga chidamliligini o‘rganuvchi Tredmil test, MRT va MSKT, avtomatik bioximik tahlillar kabi diagnostika usullari, yurak toj tomirlari holatini endovaskulyar o‘rganuvchi koronarografiya va stentlash, yurakning murakkab aritmiyalarini jarrohlik usuli bilan davolashga qaratilgan EFI diagnostika va radiochastotali ablyatsiya usullari, yurak nuqsonlarini jarrohlik usuli bilan davolashga qaratilgan kardiojarrohlik, Aorta koronar shuntlash usullari shular jumlasidandir. Bunday zamonaviy davolash va diagnostika usullarini qo‘llash kasallikni erta aniqlash va samarali davolash imkonini bermoqda. Bu o‘z navbatida bemorlar ahvolini yengillashtirishga, og‘ir asoratli holatlarning oldini olishga va kasallik sabab bo‘ladigan nogironlik va o‘lim ko‘rsatkichlarining kamayishiga olib kelmoqda.
I.E.: — Yurak qon-tomir kasalliklari bilan og‘rimaslik uchun odamlarga qanday tavsiyalar berasiz?
X.T.: — Yurak qon-tomir kasalliklari bilan og‘rimaslik uchun kishi o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi, sport bilan doimiy shug‘ullanishi, virusli va infeksion kasalliklarni o‘z vaqtida davolashi, ovqatlanish tartibiga amal qilishi, jismoniy harakat va dam olishni me’yorda olib borishi, zararli odatlardan voz kechishi, profilaktik tibbiy ko‘riklardan muntazam o‘tib turishi va kasallik belgilari paydo bo‘lganda shifokorga murojaat qilishi kerak.
Iqbol Ergashova
LiveBarchasi