Britaniyada diabet bilan kasallanganlar soni keskin oshib ketdi
Olam
−
10 fevral 4174 2 daqiqa
Buyuk Britaniyada qandli diabet bilan kasallanganlar soni rekord darajaga yetdi. Bu haqdagi hisob-kitoblarni “Diabetes” e’lon qildi.
Qayd etilishicha, Buyuk Britaniyada yashayotgan katta yoshlilarning har beshtadan biri qandli diabet yoki diabetdan oldingi kasallikka chalingan.
Nashrga ko‘ra, qandli diabet 4,6 million kishida aniqlangan, bu o‘tgan yilga nisbatan 200 ming kishiga ko‘pdir.
“Bundan tashqari, Buyuk Britaniyada yana 1,3 million kishi 2-toifa diabetga chalingan, ammo tashxis qo‘yilmagan”, deyiladi xabarda.
Buyuk Britaniyada diabetning o‘sishi butun Yevropa va dunyodagi tendensiyalarni aks ettiradi. “The Lancet” tibbiyot jurnalida e’lon qilingan global hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilda 828 million kishi qandli diabet bilan kasallangan, bu 1990 yildagidan 630 millionga ko‘p.
Ma’lumot uchun, qandli diabet asosan ikki shaklda bo‘ladi: 1-toifa va 2-toifa. 1-toifa diabet – bu organizmning immunitet tizimi insulin ishlab chiqaradigan hujayralarga hujum qiladigan kasallik va 2-toifa diabet – bu yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarilgan, ammo organizm undan samarali foydalana olmaydigan kasallik. Kasalliklarning taxminan 90 foizi 2-toifa diabetga tegishli. Qandli diabet sog‘liq uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, jumladan yurak xuruji, insult, buyrak muammolari, ko‘z muammolari, oyoq muammolari va asab muammolari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya ortiqcha vaznli bemorlarning ish joyiga qaytishiga yordam beradigan vazn yo‘qotuvchi dorini sinovdan o‘tkazishga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi