“GUVD”dan fuqaroning o‘ligi chiqishi bo‘yicha Ombudsman “tilga kirdi”

Jamiyat

image

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida 33 yoshli fuqaro vafot etgani haqida xabar bergandik. Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda tashkilotning Telegram-kanalida aytildi.

Qayd etilishicha, Ombudsman ushbu voqea bo‘yicha Bosh prokuraturaga nazorat xati kiritgan.

“Jinoyat uchun jazo muqarrar, lekin, bu jazo sud orqali tayinlanishi kerak. O‘zbekiston qiynoqqa qarshi o‘zining mustahkam pozitsiyasiga ega. Ombudsman insoniylikka qarshi bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarni qat’iy qoralaydi. Holat tergov davomida o‘z tasdig‘ini topsa, aybdorlarni qonuniy va muqarrar javobgarlikka tortilishini talab qiladi”, deyiladi Ombudsman bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 12 avgust kuni jinoiy guruh a’zosi U.D.ga nisbatan Jinoyat-protsessual kodeksining 224-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida u o‘zini yomon his qilayotganini aytib, to‘satdan yiqilib, hushini yo‘qotgan. Holat bo‘yicha tez-tibbiy yordam chaqirtirilib, IIO xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ammo tez-tibbiy yordam kelgunga qadar U.D. hushiga kelmay, vafot etgan. 

Fuqaroning vafot etishi yuzasidan Bosh prokuratura Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ombudsman Ichki ishlar bosh boshqarmasi o'lik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing