Toshkentda qochishga uringan shaxs 1,7 kg narkotik bilan ushlandi (video)

3-sahifa

−

image

Toshkent shahrida yashirin usulda tarqatish uchun tayyorlangan 1,7 kilogrammdan ortiq sintetik giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, holat “Uch qahramon” yo‘l-patrul xizmati maskanida aniqlangan. YPX inspektorlari Spark rusumli avtomobilni to‘xtatib tekshirganida, yo‘lovchilardan biri shubhali harakatlar qilgan va ko‘zdan kechirish vaqtida qochishga uringan. U xodimlar tomonidan ushlangan.

Fuqaroning yonidan yashirin usulda tarqatish uchun qadoqlangan sintetik giyohvandlik vositalari topilgan. Shundan so‘ng, Yunusobod tumani ichki ishlar organlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari gumonlanuvchining xonadonini xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirgan.

Natijada xonadondan turli xil sintetik giyohvandlik vositalari, ularni qadoqlash uchun ishlatiladigan paketlar, respirator va tarozilar ashyoviy dalil sifatida olingan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jami 1 kilogramm 500 gramm mefedron, 120 gramm “Alfa-PVP” va 100 gramm “spays” musodara qilingan.

Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi internet orqali ish izlab, giyohvandlik vositalarini tarqatishga rozi bo‘lgan. U tergovga oid videoda mefedron, “skorost” va “spays” deb ataladigan moddalarni tarqatish uchun tayyorlab qo‘yganini aytgan. Shuningdek, noqonuniy faoliyat uchun jinoiy javobgarlik borligini bilganini bildirgan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida qariyb 42 kilogramm narkotik musodara qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing