Toshkent IIBBdan o‘lik chiqdi. Yana qiynoqmi?
3-sahifa
−
14 avgust 2023
44657Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida 33 yoshli fuqaro vafot etdi. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan poytaxt xududida o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etgan uyushgan jinoiy guruhning jinoiy faoliyatini fosh etish bo‘yicha Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi (Odam o‘g‘irlash), 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (Tovlamachilik) va 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (Bezorilik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida, tezkor-tergov harakatlari olib borilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 29 iyul kuni soat 22:00 larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi “Birodarlar qabristoni” hiyoboni oldida 7-8 nafar shaxslardan iborat bo‘lgan jinoiy guruh 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro M.R.ni urib-do‘pposlagan. So‘ng uni mashinaga majburlab o‘tkazib, noma’lum xonadonga olib borib, unga nisbatan kuch ishlatgan holda pul talab qilgan.
Shuningdek, ular jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazgan holda, Turkiyada bo‘lgan noma’lum shaxslardan go‘yoki 860 ming AQSH dollari miqdorda qarz olgani haqida majburlab tilxat yozdirib olgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, shu yilning iyun oyida ushbu jinoiy guruh a’zolari tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi M.R.ni Turkiyada bo‘lgan davrda 2 kun davomida erkiga zid ravishda noma’lum xonadonda majburlab ushlab turilgan. Ular jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazish yo‘li bilan ota-onasi nomidagi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 300 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan 2 ta hovlini jinoiy guruh a’zolari nomiga rasmiylashtirishga erishgan. Jabrlanuvchi shaxs ushbu jinoiy guruhning tajovuzlari va tazyiqlaridan qo‘rqib, mazkur holat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki tibbiyot muassasalarga murojaat qilmay kelgan.
Biroq joriy yilning 31 iyul kuni sog‘lig‘i yomonlashgani sababli, shifoxonaga “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng yanoq suyagi sinishi, tanasida ko‘plab shilingan jarohatlari” tashxisi bilan yotqizilgan.
O‘tkazilgan bir qator tezkor tadbirlar natijasida mazkur uyushgan jinoiy guruh a’zolaridan 2 nafari, ya’ni 1990 yilda tug‘ilgan U.D. (muqaddam Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) va 166-moddasi (Talonchilik) bilan sudlangan) hamda 1991 yilda tug‘ilgan F.X. (muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 176-moddasi (Qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan sudlangan)lar aniqlanib, qo‘lga olingan. Jinoiy guruhning qolgan a’zolarini aniqlash va ushlash choralari ko‘rilmoqda.
Shu yilning 12 avgust kuni gumonlanuvchi U.D.ga nisbatan Jinoyat-protsessual kodeksning 224-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida u o‘zini yomon his qilayotganini aytib, to‘satdan yiqilib, hushini yo‘qotgan. Holat bo‘yicha tez-tibbiy yordam chaqirtirilib, IIO xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ammo tez-tibbiy yordam kelgunga qadar U.D. hushiga kelmay, vafot etgan. Birlamchi tashxisga ko‘ra, gumonlanuvchining o‘limi “Jigar sirrozi og‘ir stadiyasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi” oqibatida yuzaga kelgan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, U.D.ning o‘limi sababini aniqlash bo‘yicha tegishli sudga oid tibbiy-ekspertiza tayinlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan surat va izohlarda iddao qilinishicha, yigit o‘limidan avval qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 22 may kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani IIO FMBga olib kelingan 21 yoshli Hafizulloh Turg‘unboyev vafot etgandi. Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotlarga ishonadigan bo‘lsak, yigit tergovdan qochish maqsadida binoning 4-qavatida joylashgan hojatxona derazasidan pastga sakrab, vafot etgan.
LiveBarchasi