Farg‘onadan Toshkentga qo‘g‘irchoq ichida “gashish” olib kelayotgan ayol ushlandi

3-sahifa

−

image

Toshkentda chaqaloq ko‘rinishidagi bolalar o‘yinchog‘i ichiga “gashish” yashirgan 56 yoshli ayol ushlandi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati IIBB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Nurafshon shahar IIB tezkor xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida Toshkent shahrining Bektemir tumani hududida harakatlanayotgan Nexia 3 avtomobili to‘xtatilib, tekshirildi.

Tekshiruv vaqtida avtomobilda bo‘lgan, 1970 yilda tug‘ilgan G.A. ismli ayolning buyumlari orasidagi chaqaloq ko‘rinishidagi o‘yinchoq xodimlar e’tiborini tortdi. O‘yinchoqning vazni odatdagidan og‘irroq bo‘lgani sababli u tekshirildi.

Natijada o‘yinchoq ichiga 8 dona qadoqqa joylangan, har biri 100–150 grammdan bo‘lgan “gashish” moddasi yashirilgani aniqlandi.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, ayol giyohvand moddalarni Farg‘ona viloyatidan sotib olib, Toshkent shahrida sotish maqsadida olib kelayotgan bo‘lgan.

Shuningdek, avtomobil haydovchisi taksi xizmatini ko‘rsatishi va ayolni birinchi marta ko‘rayotganini bildirgan.

Bildirilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi fuqaroning uyidan 1 kilogramm 555 gramm ko‘knori giyohvandlik vositasi aniqlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing