Guterrish Qozog‘istonga keldi
Olam
−
04 avgust 2653 2 daqiqa
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kecha, 3 avgust kuni Qozog‘istonga keldi va Prezident Qosim-Jomart To‘qayev bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Qozog‘iston davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda To‘qayev oliy martabali mehmonning tashrifi mamlakat uchun alohida ahamiyat kasb etishi va BMTning barqaror rivojlanish kun tartibiga sodiqligini namoyish etishini ta’kidladi. Qosim-Jomart To‘qayevning fikricha, Markaziy Osiyoda birinchi Barqaror rivojlanish maqsadlari markazining ochilishi butun mintaqa uchun muhim yutuqdir. U Qozog‘iston Bosh kotibning BMTni isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Antoniu Guterrish Qozog‘istonning xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surishdagi hissasini qayd etdi. Uchrashuvda BMTning Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha mintaqaviy markazi faoliyati istiqbollari, BMTni isloh qilish masalalari, xalqaro va mintaqaviy kun tartibi va boshqa dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Qosim-Jomart To‘qayev va Antoniu Guterrish Qozog‘iston hukumati va BMT o‘rtasida BMTning Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha mintaqaviy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimida ishtirok etdi.
Qayd etish joiz, Guterrish endi Turkmanistonga borishi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi tadbirlarida ishtirok etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ushbu tadbirda qatnashish uchun turkmanistonga borishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi