Gulnora Karimovaning O‘zbekistondagi mulklarini farzandlari olishi mumkinmi?
Jamiyat
−
09 iyun 2021
36396O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan qator ko‘chmas mulklar davlat aktivlariga aylantirilib, sotuvga qo‘yilgani haqida xabar bergan edik. Xususan, unga tegishliligi aytib kelingan “Poytaxt” biznes majmuasi, “Sijjak” dam olish oromgohi hamda “Ichan qal’a” mehmonxonasini xususiylashtirish jaryoni boshlangan.
Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayoni shaffof o‘tishi yuzasidan ko‘plab savollar yuzaga kelayotgan bir vaqtda Karimovaga tegishli bo‘lgan qimmatli mulklarni sotishda xolislikning ta’minlanishi qanchalik kafolatlangan? QALAMPIR.UZ muxbiri Adliya vaziri Ruslanbek Davletovga shu savol bilan murojaat qildi va savdolarda Karimovaning farzandlari ham qatnashishi uchun biror to‘siq bor-yo‘qligini so‘radi.
“Gulnora Karimova haqida bergan savolingizga javob beradigan bo‘lsam, bugun davlat aktivlariga aylantirilgan mulklarning sotuv jarayonida shaffoflik qanchalik bo‘layotganiga biz emas, siz baho berganingiz ma’qul. Jarayonlar OAVda yoritilmoqda. Biz o‘ylaymizki, shaffoflik belgilangan standartlar va qonunchilik asosida amalga oshirilmoqda. Aslida esa qanday? Bunga siz javob berishingiz mumkin.
[Jarayonni] kuzatib boradigan organlar bor. Shaffoflik ta’mininlanyapti! Agar, "Yo‘q, shaffoflik bo‘lmayapti", desangiz buni ko‘rib chiqishga tayyormiz.
Karimovaning farzandlari sotuv tenderida qatnashishi uchun hech qanday to‘siqlar yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari teng huquqqa ega. Agar, puli bo‘lsa, belgilangan tartibda sotib olaveradi. Bugungi kunda hech qanday cheklovlar mavjud emas”, dedi Davletov.
Adliya vaziri shuningdek, davlat mulki qanday hollarda xususiylashtirilishi haqida ham ma’lumot berdi. Davletovning aytishicha, davlat aktivlarining barchasini ham xususiylashtirish mumkin emas. Shaxsiy mulk sifatida sotuvga chiqarilishi mumkin bo‘lmagan obektlar ham mavjud.
“Fuqarolik kodeksida yozilganki, mana shunday davlat mulklarini Prezident, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy mulk bo‘yicha esa viloyat hokimliklarida tasarruf etish huquqi bor. Tasarruf etuvchi tashkilotlar mulkdan u yoki bu ko‘rinishda foydalanishni belgilaydi. Shu jumladan xususiylashtirishni ham.
Xususiylashtirish bo‘yicha qonunlar va talablar bor. Qaysi mulk xususiylashtirilmasligi bo‘yicha ro‘yxat mavjud. Masalan, madaniy ob’ektlar, tarixiy obidalar, strategik ob’ektlar va boshqalar. Shu kabi ob’ektlarning xususiylashtirilishi mumkin emas. Qolgan mulklar esa xususiylashtirilishi mumkin va bu davlatning iqtisodiy siyosatidan kelib chiqadi.
Ko‘rishingiz mumkin, hattoki Milliy Bank, “O‘zbekiston havo yo‘llari” aksionerlashtirildi. Aeroportlar davlat unitar korxonasi edi aksionerlik jamiyatiga aylantirildi. Aksionerlik jamiyati degani esa nodavlatlashtirishdir”, dedi Adliya vaziri.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 aprel kuni QALAMPIR.UZ Gulnora Karimovaga tegishliligi aytib kelingan uchta yirik davlat aktividan biri – “Sijjak” dam olish maskaniga borgandi. Ob’ekt bilan tanishish davomida mazkur oromgohning narxi hali e’lon qilinmagani, baholash tizimi yakunlangandan so‘ng qiymat kelib chiqishi ma’lum qilingandi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, Fond Forum vasiylik kengashi raisi, professor va maishatsevar Gulnora Karimovaning “saltanat”i 2013 yilga kelib quladi. 2005 yildan boshlab o‘zini madaniyat va san’at, sport, ilm-fan, axborot texnologiyalari va yoshlar g‘oyalari rahnamosi sifatida ko‘rsatishni boshlagan Googoosha 2013 yilgacha mamlakatda mislsiz qudrat sohibi bo‘lgani hech kimga sir emas.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.
2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.
LiveBarchasi