Gulnora Karimovaning advokatlari O‘zbekistonni ayblab, BMTga shikoyat qildi
Jamiyat
−
05 iyun 2021
33154O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi advokatlari Fransua Zimere, Greguar Manja va Fanni Margayra kecha, 4 iyun kuni BMTning o‘zboshimchalik bilan hibsga olish bo‘yicha ishchi guruhiga rasman shikoyat qildi. Bu haqda advokatlar o‘zlarining Twitter sahifasida xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, advokatlar BMTdan Gulnora Karimovaning qamoqda ushlab turilishini mohiyatan noqonuniy, deb tan olishni so‘ramoqda.
“Gulnora Karimova yetti yildan ko‘proq vaqt davomida hibsda ushlab turilgan va uning eng “fundamental huquqlari” muntazam ravishda buzilgan. U 2014 yil fevral oyida o‘g‘irlab ketilgandan so‘ng, ishi birinchi marta sudda ko‘rilishini 18 oydan ko‘proq vaqt kutdi. Uchta soxta sud jarayonining barchasi yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi. U advokatlar bilan erkin suhbatlashish yoki o‘zi ustidan ochilgan ish bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmadi”, deyiladi Karimovaning himoyachilari murojaatida.
Advokatlar o‘z xabarida O‘zbekiston rasmiylarini Gulnora Karimovani “zudlik bilan, so‘zsiz ozod qilishga” chaqirgan. Huquqshunoslar bu o‘rinda xalqaro majburiyatlarni eslatib o‘tgan.
“Biz hibsga olingan insonning oshxonada qurollangan odamlar qurshovida sud qilinganiga o‘z tajribamizda birinchi marta duch keldik! O‘zbekiston rejimi Gulnora Karimovaga qarshi shafqatsiz va vahshiy usullarni qo‘llamoqda. Sud jarayonining barcha tamoyillariga zid ravishda Gulnora Karimova mutlaq izolyatsiya qilingan. O‘zbekiston rasmiylarini o‘z xalqaro majburiyatlariga amal qilgan holda Gulnora Karimovani zudlik bilan, so‘zsiz ozod qilishga chaqiramiz”, deyiladi shveysariyalik uch advokat yozgan murojaatda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, Fond Forum vasiylik kengashi raisi, professor va maishatsevar Gulnora Karimovaning “saltanat”i 2013 yilga kelib quladi. 2005 yildan boshlab o‘zini madaniyat va san’at, sport, ilm-fan, axborot texnologiyalari va yoshlar g‘oyalari rahnamosi sifatida ko‘rsatishni boshlagan Googoosha 2013 yilgacha mamlakatda mislsiz qudrat sohibi bo‘lgani hech kimga sir emas.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.
2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.
LiveBarchasi