Gulnorani qiynashga hech kimning “dux”i yetmaydi – Tashanov

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – sobiq Fond Forum Vasiylik Kengashi raisi Gulnora Karimova ayni vaqtda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-sonli jazoni ijro etish muassasasida o‘ziga belgilangan jazo muddatini o‘tamoqda. Uning farzandlari bir necha bor ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilib, onasiga nisbatan qiynoqlar mavjudligi, hatto, qamoqxona rahbariyati uchrashuvga ruxsat bermayotganini ma’lum qilgan edi. 

Xalq orasida esa Birinchi Prezidentning to‘ng‘ich qiziga qamoqxonada alohida sharoitlar yaratilgani xususida gap-so‘zlar mavjud. QALAMPIR.UZ kuni kecha Gulnora Karimova saqlanayotgan qamoqxonada bo‘lib qaytgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bilan suhbatlashib, Karimovaning ahvoli va unga yaratilgan sharoitlar haqida qiziqdi. 

“Men borgan paytda Gulnora Karimova karantinda ekan. Joylarini ko‘rsatib, tanishtirishdi. Men ham rasmiylarga doim gumon bilan qarayman. Shuning uchun boshqa mahbuslar bilan ham gaplashdim. Boshqa mahbuslarning ham aytishiga qaraganda, Gulnora uchun alohida sharoit degan narsa yo‘q. Yoki Gulnoraning boshiga urib turish ham yo‘q. U alohida izolyatsiyaga ham olinmagan. Hamma mahbuslar qatorida jazo muddatini o‘tayapti”, deydi Tashanov. 

Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov so‘zida davom etarkan, o‘tgan oy onasini ko‘rish uchun O‘zbekistonga kelgan, biroq qamoqxona rahbariyatidan rad javobini olib, Londonga qaytib ketgan Imon Karimovaning onasiga nisbatan qiynoqlar haqidagi fikriga ham munosabat bildirdi. Imon nega onasining qamoqxonadagi hayotini do‘zaxga tenglashtirganini izohladi. 

“Imon Karimova onasi haqida qiynoqqa solinayotgani, u yer do‘zaxligi haqida she’r yozibdi. Shundan keyin ko‘plab xalqaro ommaviy axborot vositalari men bilan bog‘landi. Men ularga bilganimni aytdim: Gulnora Karimovaning ozodlikdagi hayoti oldida u do‘zax bo‘lishi mumkin, albatta. Men buni rad etmayman. Qamoqxona qancha sharoit yaratsangiz ham baribir qamoqxona. Unga nisbatan alohida munosabat mavjud emas. Ko‘cha tilida aytadigan bo‘lsam, uni qiynashga hech kimning “dux”i yetmaydi. Yoki u uchun hech kim alohida sharoit yaratib, alohida qozon qaynatib berayotgani yo‘q. Qozon kabob, osh ham qilib berayotgani yo‘q. 

Men Gulnoraning qizi va o‘g‘lini to‘g‘ri tushunaman. Shohona hayotga o‘rgangan odamlarga onasining bunday holati og‘ir ko‘rinadi, albatta. Lekin masalaga ob’ektiv qaraydigan bo‘lsak, Gulnora Karimovaga nisbatan hech qanday qiynoqlar yo‘q”, deydi Tashanov. 

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. 

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.

Xususan, sud hukmiga ko‘ra, N.Sodikovga 20 yil, O.Sviridovga 17 yil 3 oy, A.Ergashevga 18 yil 1 oy, Sh.Sabirovga 17 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, G.Avakyanga 3 yil sinov muddati bilan 5 yil 3 oy 21 kun shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

J.Abduraxmanov va B.Teshabayev esa javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilindilar.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova Abdurahmon Tashanov

Baholaganlar

1846

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing