Abdulla Oripov o‘ziga qo‘yilgan taqiqlarda Islom Karimovni ayblaganmi?
Intervyu
−
19 mart 2019
71444“Abdulla akaning butun umri bir bo‘ldi, oxirgi yetti yilda uyda o‘tirgani ham bir bo‘ldi”. O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, mamlakat madhiyasi muallifi Abdulla Oripovning turmush o‘rtog‘i shoirning so‘nggi kunlari haqida intervyu berdi. U O‘zA muxbiri bilan suhbatda shoir umrining so‘nggi yetti yilini norasmiy taqiqlar ostida o‘tkazganini aytdi.
Abdulla Oripov O‘zbekiston endigina mustaqillik erishgan yillari davlat madhiyasi so‘zi muallifi sifatida mamlakatda katta obro‘-e’tiborga ega bo‘ldi. Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimida ko‘p yillar faoliyat yuritdi. Elda hurmat, e’tibor topdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Birinchi Prezident Islom Karimovga eng yaqin ijodkorlardan biri sifatida ko‘rildi.
Biroq, o‘tgan davr Abdulla Oripovning faoliyati va shaxsiy hayotiga ham soya solgan. U ko‘plar qatori norasmiy taqiqlar ostida qolgan edi. U televideniyeda ko‘rsatilmas, radioda ovozi yangramas, matbuotda she’rlari tugul, intervyulari bosilishiga ham taqiq qo‘yilgandi. Xo‘sh, buning sababi nima edi?
Abdulla Oripovning turmush o‘rtog‘i Hanifa Mustafoyevaning suhbatda ma’lum qilishicha, Abdulla Oripov bu holatni “ko‘pga kelgan to‘y” sifatida qabul qilgan va e’tibordan chetda qolishida Birinchi Prezident Islom Karimovni ayblamagan.
“Men tirik guvohman, Abdulla aka Birinchi Prezident haqida hech qachon yomon fikrga bormadi. U kishini yomon ko‘rmadi. Bu uning ishi emas, atrofidagilar qilgan. Bular menga emas, Prezidentning o‘ziga qaratilgan, der edilar. Hammaga kelgan to‘y, hammani shunday qilishdi. Shu yetti yil ichidagi iztiroblarini umuman hazm qila olmayman. Juda ezildi”, deydi Hanima Mustafoyeva.
Shoirning rafiqasi so‘zida davom etarkan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev doim Abdulla Oripovning holidan xabar olib turganini ta’kidlagan.
Hanifa Mustafoyevaga ko‘ra, Abdulla Oripov umrining so‘nggi yillarida internetdan taskin topgan.
“Abdulla akaning butun umri bir bo‘ldi, oxirgi yetti yilda uyda o‘tirgani ham bir bo‘ldi. Juda yomon. Baliqni suvdan chiqarib qo‘ysa qanday ahvolga tushadi, Abdulla aka ham shunday bo‘ldi. Matbuotdan ayirdi, televideniyedan ayirdi, hamma narsadan ayirdi. Yaxshiki umrining oxirida internetga bog‘landi”, deydi shoirning rafiqasi.
LiveBarchasi