“Adliya vazirligi masalani boshqa tarafga burmoqchi”: Rasul Kusherboyev vazirlikka javob qaytardi
Jamiyat
−
29 may 2019
4855Kuni kecha “Munosabat” teleko‘rsatuvida kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari chiroqlarini yoqib harakatlanishi belgilangan hukumat qarori bo‘yicha muhokama o‘tkazildi.
Muhokamaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yagona davlat huquqiy siyosatini olib boruvchi organ sifatida muhokamada bildirilgan qonunchilik tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan fikrlarga izoh berib, Yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha ishlab chiqilgan qonun loyihasi aslida deputatlarning tashabbusi bo‘lganini bildirdi.
Kunduzi avtomobil chirog‘ini yoqib yurishni tanqid qilib chiqqan Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev Adliya vazirligining izohiga javob qaytardi.
“Adliya vazirligining avtomobillarda kunduz kuni chiroqlarni majburiy yoqib yurishga e’tiroz bildirgan deputatlar bo‘yicha munosabatini ko‘rib bir latifa esga tushib ketdi: birovning bog‘iga o‘g‘rilikka tushayotgan afandi daraxtga chiqib mevalarini xaltasiga solayotsa, uy egasi kelib afandining kofushidan tortadi:
- Nega meni bog‘imdan o‘g‘rilik qilyapsan?
Afandi esa ustomonlik bilan:
- Nega unda o‘zing xotiningga kovush olib bermaysan?, deydi.
Mavzuga qaytsak. Aslida gap Adliya vazirligi masalani boshqa tarafga burib yuborishga harakat qilgan – 2016 yilda yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha ishlab chiqilgan qonun loyihasida emas, balki serquyosh O‘zbekistonda kunduz kuni avtomobil chiroqlarini majburiy yoqib yurishni bekor qilish haqida.
Buni hamma ko‘rib bilib turibdi. Mayli Adliya vazirligi asosiy mavzudan chalg‘ituvchi bu ishni deputatlar qo‘yarda-qo‘ymay tashabbus qilib chiqishgan, deyishmoqda. Buni astoydil, mehnat qilib, chuqur o‘rganib aniqlashibdi. Shunday bo‘la qolsin. Biroq bunday tashabbus qanday bo‘lganligi ko‘rga ham ma’lum. Keyin o‘sha qonun loyihasida gap faqatgina yo‘lovchi va yuk tashuvchi, mototransport vositalarining kunduz kuni chiroqlarini yoqib yurmaganligi uchun jarima haqida ketgan. Hozir esa o‘sha qonun bahona hamma haydovchilar shunday qoidabuzarlik uchun jarimaga tortilmoqda.
Adliya vazirligi bu o‘rinda fuqarolarimizning e’tirozlarini eshitish o‘rniga nimaiki yomonlik, odamlarning e’tiroziga sabab bo‘lgan hujjatlar bo‘lsa deputatlarni aybdor qilish bilan shug‘ullanmoqda. Shu adolatdanmi? Adliya vazirligi oppoq: barcha qonun hujjatlari bo‘yicha ekspertizalar a’lo darajada o‘tkazilib, hech bir hujjatda ma’lum guruh va shaxslarning monopoliyasiga yo‘l qo‘yish, nodavlat tashkilotlariga tadbirkor va fermerlarni majburiy a’zolikka kiritish, davlat tilidan boshqa tilda hujjatlar qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaganmi? Aholini arzon uy-joy olishi uchun hukumat belgilangan tartiblarni qo‘llashda qonunbuzilishini ko‘rib turib esa ko‘z yumish holatlari ham bo‘lmagan shekilli? Bu bizga ma’lum natijalar, xolos.
Adliya vazirligining bu munosabatini minglab yurtdoshlarimiz tomonidan e’tiroz bildirilgan masalaga vijdonan yondoshib, yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan asossiz o‘zgartirishni oddiy aytganda “xalqning buyurtmasi”ga ko‘ra bekor qilish haqida fikr bildirayotgan deputatlarga nisbatan jamoatchilikda salbiy fikr paydo qilishga bo‘lgan urinish, degan xulosaga kelish mumkin. Xuddi shunday: bu masalada odamlarning ishonch va e’tiborini qozonayotgan, ularning qo‘lloviga erishayotgan deputatlarni xuddi shu odamlar oldida obro‘sizlantirish, kulgiga qo‘yish va ixlosini qaytarishdan bo‘lak ish emas. Bu Adliya vazirligiga nima uchun kerak bo‘lib qoldi?
Barcha mas’ullar, shu jumladan deputatlar va vazirliklar ham avvalo xalq oldida mas’ul va hisobdordir. Xalqning xohish irodasi faoliyatimizning asosiy mezoni. Deputat sifatida biz shunday hisoblaymiz. Xalq e’tiroziga sabab bo‘layotgan muammolarni barchamiz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab hal etishimiz kerak. Afsuski bugun biz va biz orqali yuz minglab yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashiga umid qilganlar qatorida bir jamoaning yo‘q ekanligiga ishonch xosil qildik. Nailoj bu yo‘lda ularsiz bo‘lsa ham oxirigacha davom etamiz...”, degan Rasul Kusherbayev.
LiveBarchasi