Gulnora Karimovaning qaytarilgan aktivlari chaqaloqlar o‘limini kamaytirishga sarflanadi
Jamiyat
−
18 Sentabr 2023
10489Gulnora Karimovaning qaytarilgan aktivlari onalar va bolalarning o‘limini kamaytirishga sarflanadi. Bu haqda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi saytida xabar berildi.
Gulnora Karimovaning Shveysariyada musodara qilingan aktivlarini qaytarish uchun tuzilgan Uzbekistan Vision 2030 jamg‘armasi BMTning yangi loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun 43,5 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratdi. Pullar mamlakatda onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning o‘limini sezilarli darajada kamaytirishga sarflanadi.
O‘tgan yilning avgust oyida O‘zbekiston va Shveysariya BMTning Uzbekistan Vision 2030 ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi orqali 131 million dollarni qaytarish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Olingan mablag‘lar O‘zbekiston hukumatining islohotlar dasturini amalga oshirishni jadallashtirish va mamlakatda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
“Aktivlarni kelib chiqqan mamlakatlarga qaytarish BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining asosiy tamoyilidir. O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi restitutsiya to‘g‘risidagi bitim natijasida ochilgan jamg‘arma aktivlarni Barqaror rivojlanish maqsadlari aniq yutuqlariga aylantirishi bevosita O‘zbekiston fuqarolari hayotini yaxshilashga imkon beradi. BMTning ushbu loyihasi o‘ttiz oy ichida mamlakatda 600 ming nafar ayol va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni qamrab oladi”, degan BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Konsuelo Vidal Bryus.
BMTning yangi loyihasi BMTning bolalar jamg‘armasi (UNICEF), Aholishunoslik bo‘yicha jamg‘armasi (UNFPA) va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) tomonidan birgalikda amalga oshiriladi. Dastur esa uchta yo‘nalishdan iborat:
- 227 ta perinatal markazlarni boshqarish mexanizmlari, yondashuvlari, yo‘riqnomalari va klinik protokollarini mustahkamlash;
- perinatal markazlarning sifatli inklyuziv sog‘liqni saqlash xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlarini zarur jihozlarni xarid qilish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish orqali takomillashtirish;
- 10 millionga yaqin O‘zbekiston xalqiga, onalar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, bolalar va o‘smirlarga salomatligini muhofaza qilish uchun sifatli va inklyuziv, reproduktiv xizmatlarini talab qilish uchun bilimlar berish.
“O‘zbekiston fuqarolari joylarda zamonaviy jihozlangan va yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari mavjud perinatal markazlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishining ijobiy ta’sirini bevosita his qilishadi. Bu hamkorlik O‘zbekiston hukumatining sezilarli islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan siyosati davomidir. Biz chaqaloqlar o‘limini ikki baravar kamaytirish bo‘yicha hukumat strategiyasiga erishishga yordam beradigan ushbu transformativ tashabbusda BMT va Shveysariya hukumati bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz”, dedi Moliya va iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov.
Akobir Sayidov