Gulnora Karimovaning qamoqdan chiqishi yaqinmi?
Tahlil
−
08 yanvar
17236Diplomat, professor, shoira, dizayner, xonanda, tadbirkor, mediamagnat va ko‘pchilik uchun O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qizi sifatida tanilgan Gulnora Karimova qamoqqa hukm qilinganidan 10 yil o‘tib, manzil-koloniyaga chiqarildi.
Ammo buni O‘zbekistonning rasmiy idoralari hali tasdiqlaganicha yo‘q. Ko‘plab OAVlar, jumladan, QALAMPIR.UZ ham o‘zining huquq-tartibot idoralaridagi bir-biridan mustaqil manbalariga tayanib, bu xabarni e’lon qilmoqda.
Sud hukmi o‘qilgan 2013 yildan to bugunga qadar Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-son ayollar uchun ixtisoslashtirilgan koloniyada saqlangan edi. Tahririyatga ma’lum ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda Karimova Zangiota tumanidagi 42-sonli manzil-koloniyaga o‘tkazilgan. Endi Karimova qamoqxonadan ancha erkin harakatlanish mumkin bo‘lgan manzil-koloniyaga nima uchun o‘tkazilganiga to‘xtalsak.
Manzil-koloniyaga kimlar o‘tkaziladi?
"Mahkum manzil koloniyasiga o‘tkazilishi uchun amaldagi Jinoyat-ijroiya kodeksining 113-moddasiga (Manzil-koloniyalarda jazoni o‘tash tartibi) asosan muayyan shartlar bo‘lishi talab etiladi. Avvalo, mahkum tuzalish yo‘liga o‘tgan bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, og‘ir jinoyat uchun, shuningdek, qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar u ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan bo‘lsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini o‘tagan bo‘lishi kerak. O‘ta og‘ir jinoyat uchun jazodan muddatdan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanilgan va jazoning o‘talmagan qismi mobaynida qasddan sodir etgan yangi jinoyat uchun mahkum sud tayinlagan jazo muddatining kamida yarmini o‘tagan bo‘lishi lozim", deydi advokat Abdumalik Abdullayev.
Endi unga qo‘yilgan ayblovlarga nazar tashlasak, Karimova Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Bosh prokuraturaning 2017 yilda bergan ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, unda Karimovaga 2013 yil 24 oktyabrda bir nechta MCHJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, mazkur jinoyat ishini tergov qilish davomida Gulnora Karimova 2001-2012 yillarda Sodiqov, 2013 yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita ko‘maklashib kelgani aniqlangani aytiladi.
O‘sha vaqtda Prokuratura Gulnora Karimova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik), 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 179-modda (Soxta tadbirkorlik), 184-modda (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 227-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish bilan ayblanganini aytgan. Yuqorida aytganimizdek, Karimova 2017 yilning dekabr oyida 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. O‘shanda unga insonparvarlik nuqtayi nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganligini e’tiborga olgan holda Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgandi.
Bu jazoni o‘tash joyi etib, uning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Imon Karimovaning yashash joyi belgilangan. Shu bilan birga, mahkuma G.Karimova zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilgan qator cheklovlar, shu jumladan, yashash joyidan chiqib ketmaslik, aloqa vositalaridan va internetdan foydalanmaslik hamda zararni qoplash majburiyati yuklatilgan.
Keyinchalik Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangani aytildi va u Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasiga joylashtirilgan.
Oliy sudning 2020 yilda bergan ma’lumotiga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topgan.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan.
Ana endi yuqoridagi savolning javobiga to‘xtalamiz. Agar Karimovaga 13 yil 4 oy muddat berilgani va bu muddat 2015 yil avgustdan o‘tashi belgilanganidan kelib chiqilsa, Gulnora Karimova 2015 yil avgustdan 2024 yil avgustgacha 9 yil, avgustdan dekabr oyigacha hisoblaganda umumiy 9 yil 4 oy jazo muddatini o‘tadi. Demak, 13 yil 4 oydan jazoning o‘talgan qismini olib tashlasak, umumiy o‘talmagan jazo muddati 4 yil qoladi. Karimovaga qo‘yilgan ayblovlar bilan jazoning qolgan 4 yili manzil-koloniyada o‘taladimi yoki qanchadir vaqtdan keyin u ozodlikka chiqishi mumkinmi degan savolga advokat Abdumalik Abdullayevdan javob olamiz.
"Endi Gulnora Karimova masalasiga keladigan bo‘lsak, avvalo, Gulnora Karimova sud hukmiga ko‘ra, o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Sud hukmini o‘zgartirilganligi yoki bekor qilinganligi haqida biz hech qanday rasmiy axborotni o‘qimadik. Sud hukmi bilan tayinlangan 13 yilu 4 oy muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini kamida yarmini o‘taganligidan kelib chiqilsa, manzil koloniyasiga o‘tkazilish uchun muddatini o‘tab bo‘lgan. Tuzalish yo‘liga o‘tganlik fakti jazoni o‘tayotgan koloniya tomonidan tasdiqlansagina manzil koloniyasiga o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin, deb ayta olamiz", deydi advokat.
Ana endi Gulnora Karimova o‘tkazilgani aytilgan manzil-koloniya haqida ma’lumot bersak. Manzil-koloniya ham xuddi qattiq yo umumiy tartibli koloniyalar, ya’ni qamoqxonalar singari Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti qaramog‘ida.
Manzil-koloniyasida jazoni ijro etish koloniyalariga qaraganda ancha yengil tartib o‘rnatilgan. Misol uchun, qamoqxonalarda uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlar, telefon so‘zlashuvlari aniq qilib belgilangan. Bu koloniyaning tartibiga qarab har bir yarim, ikki yoki uch oyda bir marta ham beriladi. Telefon so‘zlashuvi va posilka banderol berish tartibi ham aniq.
Lekin bu qoidalar manzil-koloniyada ancha yengil. O‘zbekistonda jami 25 ta manzil-koloniya bor.
Jinoyat-ijroiya kodeksining 114-moddasida, manzil-koloniyalardagi mahkumlar:
- soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanishlari;
- tongdan kechki uyqugacha bo‘lgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurish huquqidan foydalanishlari;
- agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishlari;
- fuqarolar kiyadigan kiyimda bo‘lishlari;
- yonlarida pul va qimmatli buyumlarni saqlashlari, puldan cheklanmagan holda foydalanishlari;
- cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishlari, posilka, yo‘qlov va banderollar olishlari hamda jo‘natishlari;
- cheklanmagan miqdorda uchrashuv olish huquqiga ega ekanliklari belgilangan.
Agar manzil-koloniyada jazo o‘tayotgan mahkum, qoidani buzsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 105-moddasiga ko‘ra,
- ogohlantirish;
- hayfsan;
- yengillashtirilgan saqlash sharoitini bekor qilish;
- intizomiy bo‘linmaga kiritib qo‘yish;
- saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarni manzil-koloniyadan umumiy tartibli koloniyaga o‘tkazish;
- saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarni manzil-koloniyadan umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga, qattiq tartibli koloniyadan maxsus tartibli koloniyaga, koloniyadan turmaga qaytarilishi mumkin.
Gulnora Karimova 21-son jazoni ijro etish koloniyasida saqlangan vaqtida barcha mahkumlarga amal qilgan tartib unga kelganda o‘zgargani haqida ko‘p gap-so‘zlar bolalagandi.
Masalan, Karimovaning advokati Greguar Manja 2019 yil iyul oyida Toshkentga kelib, Gulnora Karimova bilan uchrashgani va uning ahvoli yomonligini aytib, O‘zbekiston Hukumatiga bir savol bilan murojaat qilgan.
“Zangiotadan qaytyapman. Mijozim yomon ahvolda. Qon bosimi yuqori. Oyog‘i to‘la bog‘langan. Hech qanday tibbiy muolaja yo‘q. Bir necha marta hushini yo‘qotdi. Hukumatga asosiy savolim: Zangiota, nega va qachongacha?”, degan Greguar Manja Twitterʼdagi sahifasida.
Advokat mijozining o‘zboshimchalik bilan ushlab turilishini to‘xtatishga chaqirgandi o‘shanda.
Shveysariyalik advokat bundan avvalgi tashrifidan keyin mijoziga tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani va unga ruhiy bosim o‘tkazilayotgani haqida ma’lum qilgandi. Ammo O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ushbu xabarlarni rad qilib, Gulnora Karimovaning ahvoli qoniqarli ekanini ta’kidlagan.
O‘shanda holat bo‘yicha Ombudsman va Adliya vazirligi tekshiruv o‘tkazgani aytilgan.
“So‘nggi paytlarda turli Internet axborot resurslari va ijtimoiy tarmoqlar orqali bugungi kunda sudning hukmiga asosan tegishli jazoni o‘tayotgan mahkuma G.I.Karimovaning jazoni o‘tash muassasasidagi shart-sharoitlar xususida bildirilayotgan turli xabarlar yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan mahkuma saqlanayotgan Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi umumiy tartibli 21-son ayollar koloniyasida o‘rganish o‘tkazilmoqda”, degan Adliya vazirligi o‘zining 2019 yil iyul oyidagi bayonotida.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Gulnora Karimova bilan uchrashgani, suhbat chog‘ida Karimova e’tibor va o‘z vaqtida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam uchun tashkilotning tibbiyot xodimlariga alohida minnatdorlik bildirganini aytib chiqqandi.
O‘rganishlar davomida muassasa tomonidan Gulnora Karimovaning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi uchun kardiologiya, nevrologiya, gastroenterologiya, endokrinologiya va ginekologiya sohasida yetakchi mutaxassislar jalb qilingani qayd etilgan. Shuningdek, alohida tibbiy ko‘riklar IIV markaziy gospitalida amalga oshirilgan. Gulnora Karimova shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra, tizimli asosda kerakli tibbiy preparatlarni qabul qilayotgani aytilmoqda. “Bugungi kunda uning salomatligi umumiy jihatdan qoniqarli va sog‘lom ovqatlanish ratsioni tashkil etilgan”, deyilgandi Ombudsman axborotida.
Karimova uning salomatligi va uchrashuvlarga ruxsat berilmagani haqida nafaqat uning advokati, qizi Imon Karimova va onasi O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova ham aytib chiqqan.
Masalan, 2021 yilning aprel oyida Islom Karimovning nabirasi, Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova o‘ziga tayinlangan jazoni o‘tayotgan onasi Gulnora Karimova bilan uchrasha olmayotganini aytgandi.
Imon Karimova onasi bilan uchrashish uchun Gulnora Karimova jazo o‘tayotgan 21-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga rasman murojaat qilgan. JIEK rahbari Gulrux Rasulova Imonga qo‘ng‘iroq qilib, u onasi bilan uchrasha olmasligini aytganini iddao qilgandi.
“Gulrux Rasulovaning aytishicha, Zangiota koloniyasida men va onamning uzoq muddatli uchrashuvi uchun sharoit yo‘q. “Rahbariyat” bizga uzoq muddatli uchrashuvga ruxsat berishni maqsadga muvofiq emas deb topgan. Shartlar boshqalar va biz uchun aftidan farqli bo‘lishi kerak, ammo qanday qilib tushunarsiz. Men bungacha bir xil sharoitda uchrashishga ruxsat berishganini aytganimga qaramay, izoh berishmadi”, deydi Imon Karimova.
Imon Karimovaning onasi bilan uchrasha olmayotgani haqida aytgan postlaridan keyin Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova shunday munosabat bildirgandi:
“Respublika bo‘yicha 200 dan ortiq muassasalar bor. Biz reja asosida barcha muassasalar va ayollar koloniyasiga ham boramiz. Aynan Gulnora Karimova saqlanayotgan koloniyaga ham bir necha marotaba borib, monitoring o‘tkazdik. Karimovaning qizi Imon Karimova o‘sha vaqtda karantin cheklovlari sababli onasi bilan ko‘risha olmagan bo‘lishi mumkin. Hozir karantin choralari yumshagan va uchrashuvlar amalga oshirilyapti”, deydi ombudsman.
2023 yilning iyun oyiga kelib esa O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova birinchi marta qamoqda saqlanayotgan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani ko‘rishga ruxsat berilmayotgani haqida so‘z ochdi. U bu haqda Instagram’dagi sahifasida yozib qoldirgan.
Avvaliga Tatyana Karimova bugun, 17 iyun kuni 25 yoshni qarshilagan nabirasi – Gulnora Karimovaning qizi Imonni tavallud kuni bilan tabriklagan. Lekin afsuski, bugungi go‘zal kun quvonchi to‘kis emas. 21-jazoni ijro etish koloniyasidagi qizim Gulnorani ko‘rishga ruxsat berilmadi…” deb yozgan Tatyana Karimova.
Gulnora Karimova 2004 yildan qamalgunga qadar nafaqat mamlakatda, balki xorijda ham katta obro‘-e’tiborga, mavqega ega bo‘lgan. Karimova xonim qo‘l urmagan soha, boshchilik qilmagan loyihalar kamdan kam uchrardi. Xayriya deysizmi, yoshlarga oid davlat siyosatini yuritishmi yoki media sohasimi, xullas, hech biri Gulnora Karimovani chetlab o‘tmagan.
Gulnoraning oilasi bilan munosabati
Gulnora Karimovaning otasi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan munosabati zo‘r edi, deb aytish qiyin. Ularning so‘nggi yillarda birga tushgan suratlari ham yo‘q. Qolaversa, Karimovaga otasi iqtidorda vaqtida jinoyat ishi ochilgan. Bir necha yil oldin Gulnora Karimovaning otasining oldiga kiritishlarini so‘ragan videosi ham tarqalgan edi.
2020 yilning yanvar oyida Islom Karimov tavalludining 82 yilligi munosabati bilan chop etilgan fotoalbomga ham Karimovning qizlari bilan tushgan suratlari kiritilmagan edi.
Gulnoraning to‘ng‘ich farzandi kichik Islom Karimov 2017 yilda BBCʼga bergan intervyusida bobosi – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora bilan munosabatlariga to‘xtalgandi.
“Bobom har doim onamga “Hech qachon mendan oshib ketmasliging kerak”, deb aytib kelgan. Bobomda o‘z qizi unga bo‘lgan xalq muhabbatini o‘g‘irlab oladi, degan xavotir bo‘lgan. Onam hech qachon bunga urinmagan va har doim uni ko‘klarga ko‘targan”.
Kichik Karimov so‘zida davom etarkan, bobosi onasining TV ekranlari va matbuot sahifalarida chiqishini istamaganini aytadi.
“Muammo shundaki, bobom bir necha bor uyda o‘tirib, onamni televizorda ko‘rgan. Onam u yerda yoki bu yerda ko‘rinish bergan. U shunchalar g‘azablanganki, ba’zi jamoatchilik ishlarini undan yashirishga majbur bo‘lganmiz. Bobom uning o‘zbek matbuoti, telekanallar, marosimlarda chiqishini istamagan. Shuning uchun Fond forumda bo‘lgan “Mehr nuri”, “Yangi avlod” kabi ba’zi kompaniyalarni rasmiylashtirishimiz juda qiyin bo‘lgan. Ilk yillari onam ularga bog‘liqligini rad etgan. Vasiylik kengashida ismi tursa-da, bu mening g‘oyam deb aytolmasdi. Agar aytsa, bobom “Mana, sen mendan hokimiyatni o‘g‘irlamoqchisan”, deb aytgan bo‘lardi”, degan kichik Islom Karimov.
Gulnoraning nafaqat otasi bilan, balki singlisi Lola Karimova bilan ham munosabati havas qiladigan bo‘lmagan.
Lola Tilliyayeva 2013 yilda xalqaro ommaviy axborot vositalaridan biriga bergan intervyusida opasi Gulnora Karimova bilan 12 yildirki, munosabatlari yaxshi emasligini aytgan. Bundan chiqdi, 2001 yildayoq ularning orasidan ola mushuk o‘tgan.
“Mavjud bo‘lmagan munosabatlarni tasvirlab berish qiyin. Men va opam bir-birimiz bilan 12 yildan ortdiki, muloqot qilmaymiz. Buni hech qachon yashirmaganmiz va bundan ko‘plar xabardor. Ko‘p yillardan beri hech qanday aloqamiz yo‘q. Oramizda na oilaviy, na do‘stona aloqalar bor. Savol so‘rashingizdan oldin aytmoqchimanki, oilaviy marosimlarda ham ko‘rishmaymiz”, degan edi Lola Karimova o‘z intervyusida.
Keyinroq Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov ham 2016 yilda OAVga intervyu berib, onasi va xolasi o‘rtasidagi ziddiyatlarda marhum bobosini ayblagandi.
“Oyim va singlisi orasida yoshliklarida normal munosabatlar bo‘lib kelgan. Yagona muammo shuki… Men bunda ko‘proq bobomni ayblayman. Chunki oyim matematika maktabini oltin medal bilan bitirgan. Bobomning izidan borgan. Oyim sport bilan shug‘ullangan, qora kamar olgan. O‘z karerasini qurishni boshlagan. U nima qilsa, xolam buni takrorlashni istagan. Lekin nega? O‘ylaymanki, sababi – bobom butun umr xolamga gapirgan “Nega opangga o‘xshay olmaysan? Nega mana buni qilolmaysan? Nega yaxshi o‘qimaysan? Nega “U” bo‘lolmaysan?”
Men o‘z qizlariga bunday munosabat qilishni noto‘g‘ri deb bilaman. Shuning uchun, bu uning aybi deb o‘ylayman. Lekin fakt shuki, bu unga ta’sir qilgan. Xolam butun umr buni eshitgani uchun unda kompleks paydo bo‘lgan. Mana hozir jamg‘arma tuzilibdi. Mamlakatda hamma biladiki, bizda jamg‘arma allaqachon bor edi. Jurnal ham bor edi, u ham jurnal chiqaryapti. Buni isbotlashga ham hojat yo‘q. Butun umr o‘zaro poyga bo‘lgan. Xolam ham nimalargadir qodir ekanini ko‘rsatishga intilgan. O‘ylashimcha, nafrat shunday paydo bo‘lgan, chunki xolam baribir oyim darajasiga chiqa olmagan. Bular keyin ko‘pirib jismoniy muammoga aylangan. Boshida bu faqat hissiyotlar darajasida bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu hayotimizda aks etyapti. Bu adovat tufayli oilalar barbod bo‘lyapti”, degan edi kichik Islom Karimov.
Lola Karimova uch farzandi va turmush o‘rtog‘i Temur Tillyayev bilan AQSHning Los-Anjeles shahrida istiqomat qilib kelmoqda. Lola Karimova so‘nggi bor otasi Islom Karimovni xotirlash marosimlarida 2017 yilda ishtirok etdi. 31 avgust kuni Oq uy qarorgohida o‘tgan marosimda Lola Karimova jiyani Imon Karimova bilan namoyon bo‘lgandi. Biroq Imon Karimova xolasi bilan munosabatlari tiklanganini rad etgan.
Opa-singillarning farzandlari yaqin yillargacha bordi-keldi qilishi ma’lum emas edi. 2022 yilning yanvar oyida xolavachchalar Imon Karimova va Maryam Tillyayevalar oradan 8 yil o‘tib uchrashdi. Bu haqda ular ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali xabar bergandi. Uchrashuv oldindan rejalanmagani va kutilmagan bo‘lgani ularning hayajonidan bilinib turardi. Oradan biroz vaqt o‘tib, 2023 yilning sentyabr oyida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova nabiralari bilan Londonga sayohat qildi.
Sayohatda sobiq birinchi xonimga Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova va o‘g‘li Islom Karimov, Lola Karimovaning farzandi Maryam Tillyayeva, shuningdek, Imon Karimova bilan turmush qurishi kutilayotgan yigit hamrohlik qilgan.
Umuman olganda, nafaqat Gulnora Karimova va Islom Karimov orasidagi munosabat, balki boshqa ma’lumotlar ham ha deganda ochiqlanmaydi. Buni Karimovaning manzil-koloniyaga o‘tgani haqidagi xabar hozirgacha rasman aytilmayotganidan ham bilish mumkin.
LiveBarchasi