Gruziyadagi namoyishlar natija berdi
Olam
−
09 mart 2023
11206Iqtidordagi “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi norozilik namoyishlari fonida Gruziya parlamentidan chet el agentlari haqidagi qonun loyihasini chaqirib olishga qaror qildi. Bu partiyaning bugun, 9 mart kuni e’lon qilingan bayonotida keltirilgan.
“Jamiyatning har bir a’zosi oldida javobgar bo‘lgan hukmron kuch sifatida biz qo‘llab-quvvatlagan qonun loyihasini hech qanday shartlarsiz qaytarib olishga qaror qildik”, deyiladi partiya saytida.
Qayd etilishicha, partiya chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish nega zarur ekanini jamoatchilikka yaxshiroq tushuntirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun respublika bo‘ylab aholi bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.
“Gruziya tinchlik va barqarorlikni saqlab qoladi hamda jamiyatning asosiy tanlovi bo‘lgan Yevropa tomon munosib harakat qilishda davom etadi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, Gruziya parlamenti xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullagani muxolifat, fuqarolik faollari, shuningdek, oddiy fuqarolarning jiddiy noroziligiga sabab bo‘lgan edi. Tbilisida minglab kishilar norozilik namoyishlariga chiqqan edi. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni suv purkagichlar va ko‘zni yoshlantiruvchi gaz yordamida tarqatib yuborgandi. Hozirda ikki kun davom etgan norozilik namoyishlarida 130 dan ortiq odam hibsga olingani, 60 nafar politsiyachi yaralangani aytilmoqda.
LiveBarchasi