Gruziyada rossiyalik faol 8,5 yilga qamaldi
Olam
−
02 Sentabr 2780 2 daqiqa
Gruziyada rossiyalik fuqaro Anton Chechin 8,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Prime Time” xabar berdi.
Tbilisi shahar sudi uni yirik miqdordagi giyohvand moddalarni sotib olish va saqlashda ayblagan. Hukm bugun, 2 sentyabr kuni kuchga kirgan.
Chechin esa o‘zini aybdor deb bilmaydi va chiqishlarida unga qo‘yilgan ayblovlarni “siyosiy uydirilgan bo‘hton” deb atab, o‘zini oqlash uchun kurashni davom ettirishini aytib keladi.
Anton Chechin Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinini qoralab keladi. U 2022 yilning aprelida Gruziyaga ko‘chib o‘tgan va u yerda “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi siyosatiga qarshi norozilik namoyishlarida faol qatnashgan. U 2024 yilning dekabr oyida giyohvand moddalar saqlash aybi bilan hibsga olingan. Huquq himoyachilari Chechin ishi bo‘yicha ko‘plab qarama-qarshi dalillar borligi va hibsga olish jarayonida qonunbuzarliklar sodir etilganini ta’kidlaydi.
2025 yil iyun boshida Chechinning rafiqasi Manane Samxaradze “Tbilise Life” nashriga erining maktubini taqdim etib, u Gruziya qamoqxonasida kaltaklanganini iddao qilgan. Chechinning yozishicha, u o‘zini boshqa kameraga o‘tkazishlarini so‘ragan. Shundan so‘ng, rossiyalik faolni xavfsizlik xodimlari kuch bilan olib chiqib, ruscha va gruzincha haqoratlagan, urgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahar sudi Nijniy Novgoroddan bo‘lgan dasturchi Sergey Irinni davlatga xiyonatda aybdor deb topgandi va uni 15 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilgandi. Jinoiy javobgarlikka tortilishiga uning Ukraina armiyasiga yordam beruvchi jamg‘armaga xayriya qilgani sabab bo‘lgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr